O‘zbekiston | 17:31 / 31.01.2022
13119
6 daqiqa o‘qiladi

28ta tuman va shahar uchun soliq imtiyozlari berilmoqda

Mazkur hududlarda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk va yer soliqlari 1 foiz deb belgilanadi.

Foto: Fotolia

O‘zbekiston prezidenti “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror imzoladi. Unga muvofiq, ayrim hududlar uchun alohida soliq rejimi qo‘llanadi.

2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvargacha 1-ilovada keltirilgan tuman va shaharlarda belgilanadigan turizm hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan hamda ushbu hududda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun:

— aylanmadan olinadigan soliq stavkasining 1 foizi;

— ushbu hududlardagi obektlar va ular egallagan yer uchastkasi bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i miqdorlari – mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.

Bunda, tuman va shaharlarning turizm hududlari chegaralari Turizm va sport vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hududiy bosh boshqarmalari xulosalari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari tomonidan belgilanadi.

Jismoniy shaxslar tomonidan mahallalararo savdo-xizmat ko‘chalari bo‘yida joylashgan turar joy obektlari yuqorida ko‘rsatilgan xizmat ko‘rsatish turlari bo‘yicha noturar joy obekti toifasiga o‘tkazilganda 2024 yil 1 yanvarga qadar ularga nisbatan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan stavkasi saqlab qolinadi.

Imtiyozlar ushbu hududlarga taalluqli:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Ellikqal’a tumanlari;
  • Andijon viloyati Xonobod shahri;
  • Buxoro viloyati Kogon tumani, Romitan tumani;
  • Jizzax viloyati Arnasoy, Zomin, Forish tumanlari;
  • Qashqadaryo viloyati Kitob, Shahrisabz, Qamashi tumanlari;
  • Navoiy viloyati Xatirchi, Nurota, Qiziltepa tumanlari;
  • Namangan viloyati Chust, Yangiqo‘rg‘on tumanlari;
  • Samarqand viloyati Urgut tumani;
  • Sirdaryo viloyati Xovos tumani;
  • Surxondaryo viloyati Boysun tumani;
  • Toshkent viloyati Angren shahri, Ohangaron, Parkent, Bo‘stonliq tumanlari;
  • Farg‘ona viloyati Rishton tumani;
  • Xorazm viloyati Xiva shahri, Xiva, Bog‘ot tumanlari.

2022 yil 1 iyuldan boshlab, ro‘yxatdagi tumanlar va shaharlarda turizm obektlarini qurish uchun yer uchastkalarini hududlarning master-rejalari asosida ishlab chiqilgan loyiha takliflari hamda zarur infratuzilma bilan ta’minlangan holda elektron onlayn-auksion savdosiga chiqarish tartibi joriy etiladi.

Qarorga binoan:

— Turizm va sport vazirligi 2022 yil 1 martga qadar hududlarning master-rejalarini ishlab chiqish uchun texnik topshiriqlarni Qurilish vazirligiga kiritadi (Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda);

— Qurilish vazirligi tegishli loyiha institutlari va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda 2022 yil 1 iyulga qadar hududlarning master-rejalari va loyiha takliflari ishlab chiqilishini ta’minlaydi;

— Kadastr agentligi 2022 yil 1 iyuldan boshlab loyiha takliflari va infratuzilmaga ega bo‘lgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdosiga chiqaradi (Turizm va sport vazirligi hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda).

Hujjat bilan, oliygohlar va tibbiyot muassasalarining bino va yer maydonlaridan samarali foydalanish va ularni xususiy sektorga xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ajratish borasidagi ishlar qoniqarsiz deb topilgan.

Qurilish vazirligiga 2 hafta muddatda ijtimoiy soha muassasalarining yer maydonlari, bino va inshootlaridan samarali foydalanish darajasini o‘rganish bo‘yicha Komissiya tuzish topshirildi (tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda).

Komissiyaga ikki oy muddatda quyidagilarni amalga oshirish yuklatiladi:

— oliy ta’lim va tibbiyot muassasalarining yer maydonlari, bino va inshootlaridan samarali foydalanish darajasini to‘liq o‘rganish;

— o‘rganish natijalari bo‘yicha bo‘sh turgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bino va inshootlar hamda ular hududidagi bo‘sh yer maydonlarini aniqlash.

Qurilish vazirligi:

— o‘rganish asosida aniqlangan samarasiz foydalanilayotgan yoki bo‘sh turgan yirik ijtimoiy soha obektlarining master-rejalarini uch oy muddatda ishlab chiqadi (tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda);

— master-rejalarga muvofiq, samarasiz foydalanilayotgan yoki bo‘sh turgan binolar va yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish yoki davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorni jalb etgan holda yangi turdagi ta’lim va tibbiyot xizmatlarini tashkil etish choralarini ko‘radi.

Qarorga muvofiq, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlariga 2022 yil 1 yanvardan boshlab 2027 yil 1 yanvarga qadar mehmonxona (joylashtirish vositalari) va maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari (shu jumladan, ular egallagan yer uchastkalari) bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 90 foizga kamaytiriladi.

Bunda, 2027 yil 1 yanvargacha yangidan quriladigan obektlarga (shu jumladan, ular egallagan yer uchastkasiga) nisbatan mazkur imtiyoz ular foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 5 yil muddat davomida qo‘llanadi. Foyda solig‘ini hisoblashda binolarning qiymatini ikki yil davomida amortizatsiya xarajatlari sifatida chegirish huquqi beriladi.

Mazkur qaror bilan xizmat ko‘rsatish sohasining qariyb 10 xil yo‘nalishdagi tarmoqlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foizga tushiriladi. Hududlarda savdo ko‘chalari tashkil etish choralari ham belgilandi.

Mavzuga oid