Yanvarda aholiga sezilgan inflatsiya darajasi pasaydi
2022 yilning birinchi oyida aholi inflatsiyaga nisbatan optimizmni namoyon qildi. Aholiga sezilgan inflatsiya o‘tgan oyga nisbatan 0,8 foizga pasayib, bir yildagi eng yuqori pasayishni ko‘rsatdi.
Markaziy bank aholining daromadlar kesimida inflatsiya darajasi va sezilgan inflatsiya sharhini e’lon qildi. 2022 yilning yanvar oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlar tomonidan sezilgan inflatsiya o‘tgan yil dekabr oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,8 foiz bandga pasayib, 15,4 foizni tashkil etdi.
Sezilgan inflatsiya bu — jamoatchilik fikrini o‘rganish orqali o‘lchanadigan inflatsiya darajasi. Markaziy bank so‘rovi orqali aholining tovar va xizmatlar narxi qimmatlashi borasidagi fikri o‘rganiladi.
O‘tgan yilning yanvar oyida aholiga sezilgan inflatsiya 17,4 foizni tashkil etgan. 2022 yilning birinchi oyida esa aholi inflatsiyaga nisbatan optimizmni ko‘rsatmoqda – 15,4 foiz va raqam bir yil davomidagi aholi sezgan inflatsiyaning eng past ko‘rsatkichi bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, umumiy javob beruvchilar tarkibida sezilgan inflatsiyani 9–12 foiz atrofida his qilgan respondentlar soni o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan oshdi va mediana ko‘rsatkichi pasayishiga sabab bo‘ldi.
Ayni paytda, yanvar oyida narxlar yuqori oshdi (21–30 foizgacha) deb ko‘rsatgan respondentlar ulushi ham pasaya boshladi. Respondentlarning ko‘pchilik qismi yanvar oyida benzin va yoqilg‘i mahsulotlari, go‘sht va sut mahsulotlari hamda dori vositalari qimmatlaganini sezishgan bo‘lsa, dukkakli mahsulotlar, ta’mirlash xizmati hamda gigiyena-tozalash vositalarining narxi biroz oshganini ta’kidlashgan.
Faoliyat sohalari bo‘yicha umumiy ovqatlanish, savdo, bank-moliya sohalari, talaba hamda nafaqadagi respondentlar tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi boshqa soha vakillariga nisbatan yuqoriroq shakllandi. Ayni paytda, ishlab chiqarish, tibbiyot, qurilish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida sezilgan inflatsiya umumiy ko‘rsatkichdan pastroq bo‘ldi.
Avvalroq, Markaziy bank yanvar oyida asosiy iste’mol tovar va xizmatlari narxlari o‘sishi 0,9 foizni (2021 yilda 1 foiz), yillik inflatsiya darajasi esa 9,8 foizni tashkil etganini ma’lum qilgandi.
Yillik hisobda asosiy oziq-ovqat mahsulotlar narxlari 13,1 foizga qimmatlagan.
Mavzuga oid
07:30 / 02.10.2024
Sentyabr oyi uchun inflatsiya darajasi ma’lum qilindi
08:20 / 21.08.2024
Urush boshlanganidan buyon Rossiyada real inflatsiya 70 foizdan oshdi
13:39 / 10.08.2024
Iyulda inflyatsion kutilmalar tarixiy minimumgacha pasaydi
08:56 / 03.08.2024