O‘zbekiston | 20:18 / 10.02.2022
11186
3 daqiqa o‘qiladi

Akademik Edvard Rtveladze olamdan o‘tdi

Rtveladze yuzdan ortiq arxeologik ekspeditsiyalar qatnashchisi, ko‘plab kitoblar, ilmiy monografiyalar, dokladlar va maqolalar muallifi edi. U Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi va madaniyatining ulkan qatlamlarini o‘rgangan.

Foto: Kulturnoye naslediye Uzbekistana / Telegram

Akademik, arxeolog-olim, tarix fanlari doktori, professor Edvard Vasilevich Rtveladze 80 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati xabar bermoqda.

«Bugun taniqli olim, tarix fanlari doktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ilmiy kengashi raisi, «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining ilmiy rahbari, akademik Edvard Vasilevich Rtveladze 80 yoshida vafot etdi.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati jamoasi E.V.Rtveladzening oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi», deyiladi xabarda.

U 1942 yilda Gruziyaning Borjomi shahrida tavallud topgan. 1967 yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) tarixchi-arxeolog mutaxassisligi tamomlagan. Keyinchalik Moskvada doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

1967 yildan O‘zbekiston san’atshunoslik ilmiy tadqiqot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. Ilmiy faoliyatini Markaziy Osiyoning qadimgi va o‘rta asrlar tarixi, arxeologiyasi, numizmatikasi, epigrafikasi, san’ati, madaniyati tarixini o‘rganishga bag‘ishlagan. Markaziy Osiyo, Kavkaz, Kipr, Yaponiya va Fransiyada olib borilgan 80 dan ortiq ilmiy arxeologik ekspeditsiyalar ishtirokchisi. Ko‘pgina arxeologik yodgorliklarni ochgan va tekshirgan. Uning rahbarligida Tohariston ekspeditsiyasi tomonidan Kampirtepada olib borilgan qazishlar natijasida arxeologik amaliyotda ilk marta Kushonlar davriga oid qadimiy shahar xarobasi to‘liq ochilgan.

Edvard Rtveladze Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi va madaniyatining ulkan qatlamlarini, Buyuk Ipak yo‘lining eski va yangi marshrutlarini o‘rganib chiqqan. O‘zbekistonda va xorijda chop etilgan 840 dan ortiq ilmiy maqolalar va 41 monografiya muallifi hisoblanadi. Uning ilmiy rahbarligida 14 fan doktori va fan nomzodlari tayyorlangan.

Ilmiy faoliyati uchun 1985 yilda «Beruniy» nomidagi davlat mukofoti, 2001 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, 2003 yilda «Mehnat shuhrati» va 2017 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid