O‘zbekiston | 07:32 / 12.02.2022
4687
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev akademik Edvard Rtveladze vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi

Foto: Kulturnoye naslediye Uzbekistana / Telegram

Tarix, arxeologiya va san’atshunoslik sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Edvard Rtveladze 79 yoshida vafot etdi. Shu munosabat bilan prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumat a’zolari ta’ziya bildirdi.

E.Rtveladze 1942 yil 14 mayda Gruziyaning Borjomi shahrida tug‘ildi. 1967 yili Toshkent davlat universitetini tugatib, San’atshunoslik institutida laborant lavozimida mehnat faoliyatini boshladi. 1975 yilda nomzodlik, 1989 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Iste’dodli olim o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy faoliyati davomida San’atshunoslik institutining kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, bo‘lim mudiri hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ilmiy kengashining raisi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimizda ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shdi.

Zahmatkash olimning O‘rta Osiyoning qadimiy va o‘rta asrlar tarixi, arxeologiyasi, numizmatika va epigrafikasi, san’ati va madaniyati tarixiga bag‘ishlangan yuzlab maqola va tadqiqotlari, monografiya va risolalari yurtimiz hamda dunyo olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum.  

Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan fidoyi olimning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan. 

E.V.Rtveladze mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etib, Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida samarali faoliyat olib bordi.

Akademik E.Rtveladzening mamlakat ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston Davlat mukofoti, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlariga sazovor bo‘lgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid