O‘zbekiston | 08:38 / 14.02.2022
7359
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya O‘zbekistonda xorijiy korxonalar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda

O‘zbekistonda qaysi davlatlarning kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ko‘p ekani ma’lum qilindi. Davlat statistika qo‘mitasi tegishli xabar bilan chiqdi.

Foto: Shutterstock

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 1 fevral holatiga respublikada ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 13,8 mingtani tashkil etib, ulardan 13,4 mingtasi faoliyat yuritmoqda.

Qayd etilishicha, faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 474 taga oshgan.

O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni eng yuqori bo‘lgan davlatlar orasida Rossiya yetakchilik qilmoqda – 2 313 ta korxona. 

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha keyingi o‘rinlardan Xitoy (1 948 ta) va Turkiya (1 912 ta) joy oldi. 

Shuningdek, Qozog‘iston kapitali ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 1 071 tani tashkil etdi, Koreya ishtirokidagi korxonalar soni 900 taga teng. 

Ma’lumot uchun, 2021 yil yanvar-oktabr oylarida respublikada xorijiy kapital ishtirokida yangi tashkil etilgan korxonalarning davlatlar kesimida soni bo‘yicha Turkiya yetakchilik qilgandi (321 ta).

Xorijiy kapital ishtirokidagi yangi korxonalar soni bo‘yicha keyingi o‘rinlardan Rossiya (296 ta) va Xitoy (219 ta) joy oldi. Korxonalar ro‘yxatida Qozog‘iston (166 ta) hamda Koreya (80 ta) bor edi.

Mavzuga oid