Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Reuters: Rossiyada yonilg‘i muammosi 50 dan ortiq hududga tarqaldi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda yonilg‘i taqchilligi saqlanib qolayotganini tan oldi. Uning aytishicha, Ukraina hujumlari ortidan neftni qayta ishlash zavodlari maksimal quvvatda ishlamoqda. Ayni paytda tahlilchilar Rossiyada benzin ishlab chiqarish ichki talabning atigi 80 foizini qoplayotganini bildirmoqda.
28 iyun kuni ichki bozorni yonilg‘i bilan ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘zga chiqqan Putinning ta’kidlashicha, Ukraina dronlarining Rossiya neft infratuzilmasiga bergan zarbalari oqibatida mamlakatdagi yirik neftni qayta ishlash zavodlari maksimal quvvatda ishlashga majbur bo‘lgan.
Energetika sohasidagi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda Putin iyul oyida asosiy turdagi yonilg‘i ishlab chiqarish hajmi iyunga nisbatan ko‘payishini bildirdi.
Shu bilan birga, u mamlakatda benzin zaxiralaridan foydalanilayotganini ham tasdiqladi.
«Hozirgi kunda benzin zaxirasi o‘tgan yilning shu davriga deyarli mos keladi», — dedi Putin.
Uning ma’lum qilishicha, Rossiyada benzin zaxirasi hozirda 1,7 million tonnani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga kam.
Rossiya prezidenti mamlakatda yonilg‘i taqchilligi mavjudligini ham ochiq tan oldi.
«Avtomobil egalari va biznes uchun muammolar saqlanib qolmoqda. Afsuski, ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar bor va kerakli markadagi benzinni har doim ham topishning imkoni bo‘lmayapti», — dedi u.
Reuters agentligi keltirgan tahlillarga ko‘ra, hozirda Rossiyada benzin ishlab chiqarish ichki iste’molning taxminan 80 foizinigina qoplayapti.
Energy Intelligence tahlilchilari fikricha, Ukrainaning Rossiya energetika infratuzilmasiga qarshi kampaniyasi katta zarar yetkazgan va mamlakat o‘z tarixidagi eng og‘ir yonilg‘i inqirozi tomon harakatlanmoqda.
The Bell nashri ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi o‘rtalari holatiga Rossiyaning aksariyat hududlarida yonilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan.
50 dan ortiq mintaqada, shuningdek, Rossiya nazoratidagi Ukraina hududlarida xususiy avtomobillar uchun yonilg‘i sotishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlari va neft omborlariga hujumlari kuchayganidan keyin Rossiyada neft qazib olish hajmi so‘nggi bir yildagi eng past darajaga tushgan.
May oyi oxirida esa mamlakat markaziy qismidagi deyarli barcha yirik neft obektlari hujumlar oqibatida ishlab chiqarishni qisqartirish yoki vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Mavzuga oid
18:12 / 28.06.2026
Moskvaliklar benzin uchun navbat kutmoqda – suratlar
10:40 / 27.06.2026
Aviayonilg‘i taqchilligi: Rossiya importni keskin ko‘paytirdi
20:27 / 26.06.2026
Rossiyada migrantlar uchun bojlar 5-12 baravar oshirildi
11:00 / 26.06.2026