O‘zbekiston | 07:55 / 14.02.2022
3692
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi «Aviasozlar» madaniyat saroyini rekonstruksiya qilish boshlandi

Foto: Yashnobod tuman hokimligi

Toshkent shahar va Yashnobod tuman hokimliklarining qarorlari asosida “Aviasozlar” saroyining to‘liq rekonstruksiyasi boshlandi.

Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulovning xabar berishicha, tuman aholisi uchun mazkur saroyni eng yangi andozalar asosida qayta tiklash rejalashtirilgan.

Shuningdek, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli va maroqli tashkil etish maqsadida saroy atrofida sayyohlik va dam olish bog‘i barpo etiladi.

Hokim postdagi izohlarda saroy fasadidagi baland «Ikar» gorelefi (tekis sathga ishlangan bo‘rtma shakl, naqsh - tah.) o‘z o‘rnida qolishini tasdiqladi.

Bino 1980 yilda qurilgan. So‘nggi yillarda bu yerda Mudofaa vazirligi huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Qurolli Kuchlar ansambli, Markaziy harbiy orkestr, «Turon» davlat harbiy teatri, tikuvchilik korxonasi, bolalar to‘garaklari faoliyat ko‘rsatgan. 

2020 yil fevral oyida Shavkat Mirziyoyev «Aviasozlar» markazini borib ko‘rgandi. Prezident markaz binosini rekonstruksiya qilib, undan maqsadli foydalanish, davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘ngilochar maskan tashkil etish zarurligini ta’kidlagandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid