O‘zbekiston | 09:29 / 18.02.2022
19570
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimi o‘rinbosarlaridan biri o‘zgardi

O‘tkirbek Shukurov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimini tark etdi.

Andijon viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Nasibullo Nabiyevich Mo‘minov tayinlandi.

Nasibullo Mo‘minov

N. Mo‘minov 1983 yilda Andijon tumanida tavallud topgan. 2006 yilda Andijon muhandislik iqtisodiyot institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2001 yilda Andijon qurilish texnikumining maxsus fan o‘qituvchisi vazifasidan boshlagan.

2003-2015 yillarda Andijon uy-joy va kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kollejida bo‘lim boshlig‘i, amaliyot ishlari bo‘yicha, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2015-2017 yillar davomida Andijon qurilish va transport kasb-hunar kollejining direktori, 2017-2018 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Andijon viloyati bo‘limi boshlig‘i, 2018-2019 yillar davomida esa Andijon viloyati hokimligi kasb-hunar boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.

Tayinlovga qadar Andijon viloyati Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.

Shu paytga qadar Andijon viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borayotgan O‘tkirbek Ilhomovich Shukurov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

O‘tkirbek Shukurov

O‘tkirbek Shukurov 2019 yil 20 fevral kuni viloyat hokimi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

Mavzuga oid