Jamiyat | 10:44 / 24.02.2022
2948
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda taksi haydovchilaridan «dolya» olib kelgan bir guruh sportchilar ushlandi

Ular Samarqand-Navoiy yo‘nalishiga kirmoqchi bo‘lganlardan 500 dollar, kunlik qatnaydiganlardan 50 ming so‘mdan pul undirib kelishgan.

Foto: Samarqand viloyati IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Samarqand shahrida yashovchi bir guruh sportchilar Samarqand-Navoiy yo‘nalishidagi avtoshohbekatni zo‘ravonlik va o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallab olgan. So‘ng haydovchilardan ushbu yo‘nalishga kirish uchun 500 dollar, kunlik qatnovchi haydovchilardan esa 50 ming so‘mdan pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olib kelishgan.

IIV JQBB, DXX, Prokuratura hamda viloyat IIB JQB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilib, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan 7 nafar shaxs qo‘lga olingan. Ularning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Dastlabki surishtiruvlarda aniqlanishicha, Samarqand shahar Gala Osiyo mahallasida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan Sh.D. ushbu jinoiy guruhga yetakchilik qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Sh.D. va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, huquqni himoya qilish organlari tomonidan Bulung‘ur tumanida litsenziyasiz kirakashlik qilib kelgan fuqarolardan pul undirish bilan shug‘ullangan guruh qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid