Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida litsenziyasiz kirakashlik qilib kelgan fuqarolardan pul undirish bilan shug‘ullangan guruh ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tomonidan Bulung‘urda joylashgan “Bulung‘ur dehqon bozori”  hududida ikki nafar shaxsning fuqarolardan litsenziyasiz kirakashlik qilgani uchun doimiy ravishda tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilib kelayotgani to‘g‘risida ma’lumot olingan.

Mazkur ma’lumot bo‘yicha 2021 yil 23 dekabr kuni Bulung‘ur tumani “Bulung‘ur dehqon bozori” oldida viloyat IIB hamda DXX boshqarmalari xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda fuqaro I.K., fuqaro I.dan kunlik talab qilib kelayotgan 40 ming so‘m pullarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Foto: IIB axborot xizmati

Fuqaro I. K. va A.K. lar Bulung‘ur tuman IIBga olib kelinib, xolislar ishtirokida yon cho‘ntaklari ko‘zdan kechirilganda tadbir uchun ishlatilgan maxsus ishlov berilgan pullar borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Shuningdek, I. K. va A.K. lar bilan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, ular “Gulbahor opa trans” MChJ xodimlari 17 ta taksi mashinalariga ruxsati bo‘lishiga qaramasdan, 100 ga yaqin taksichilik qiladigan mashinalardan kunlik 40 ming so‘mdan noqonuniy ravishda pul undirib, MChJning rahbari X.G.ga berib kelishini va o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatib kelayotganini ma’lum qilgan.

Surishtiruv davomida, “Gulbahor opa trans” MChJda pul terish ishlari bilan shug‘ullanuvchi X.Sh., H.S. va B. A. lar aniqlanib, tuman IIBga olib kelingan.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Bulung‘ur tumani markazida joylashgan bekatlarda pul yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi J.B. bilan tezkor surishtiruv olib borilgan. Surishtiruv davomida, u “Bahora avto yo‘lovchi” xususiy korxonasida ishlashini va yo‘nalishiga qarab kunlik “stoyanka” xaqi uchun har bir mashinadan kunlik 2 ming so‘mdan 4 ming so‘mgacha, litsenziyasiz faoliyat olib borishlari uchun esa har bir mashina egasidan kunlik 20 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha naqd pul terib olishini va jamiyat rahbari E.A. ga topshirishini ma’lum qilgan.