O‘zbekiston | 07:32 / 28.02.2022
7892
7 daqiqa o‘qiladi

«Soliq maslahati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e’lon qilindi

Foto: Depositphotos

O‘zbekiston Respublikasining “Soliq maslahati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Qonun loyihasining maqsadi – soliq maslahati sohasida o‘zini o‘zi boshqarish asosiy qoidalarini belgilovchi hamda samarali faoliyat ko‘rsatadigan soliq maslahatchilari institutini shakllantirish, soliq maslahati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, soliq to‘lovchilarga malakali soliq maslahati xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlashdan iborat.

Qonun loyihasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • respublikada soliq maslahati sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda ushbu institutini yanada takomillashtirish;
  • soliq to‘lovchilarga sifatli va malakali soliq maslahat xizmatini ko‘rsatishni ta’minlash;
  • tadbirkorlik sub’yektlari va soliq organlari o‘rtasida yuzaga keladigan munozarali holatlarni bartaraf etish;
  • soliq maslahati sohasini xalqaro amaliyotda qo‘llaniladigan normalarga muvofiqlashtirish;
  • soliq maslahati sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotining rolini oshirish;
  • soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish jarayoni shaffofligini ta’minlash.

Ishlab chiqilgan qonun loyihasi 8 ta bob va 33 ta moddadan iborat bo‘lib, unda kuyidagilar ko‘zda tutilmoqda:

“Soliq maslahati sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilangan me’yorlar qonun loyihasida aks ettirildi, xususan:

a) Soliq maslahatchilari palatasiga quyidagi funksiyalar yuklatilmoqda:

  • soliq maslahatchilariga malaka sertifikatini berish bo‘yicha malaka imtihonlari o‘tkazilishi, malaka sertifikatlari berilishi va tugatilishi;
  • soliq maslahatchilarini o‘qitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash;
  • soliq maslahatchilarining reyestri yuritilishi.

b) yillik tovar aylanmasi oxirgi 3 yil mobaynida 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliq maslahatchilari tashkiloti tomonidan berilgan soliqlar bo‘yicha xulosalari soliq organlari tomonidan tan olinishi;

  • soliq maslahatchisi advokatlik tuzilmalari, auditorlik tashkilotlari, buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatuvchi boshqa yuridik shaxslarning shtatida mehnat faoliyatini olib borgan taqdirda uning malaka sertifikati amal qilishi tugatilmasligi;
  • soliq organlari mansabdor shaxslarining harakatlari va (yoki) harakatsizligi yuzasidan shikoyat qilish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda soliq maslahatchilariga audio va video yozish qurilmalaridan foydalanish huquqi berilishi.

Moliya vazirligi soliq maslahati sohasida vakolatli davlat organi hisoblanishi to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilanmoqda. Bunda, vakolatli davlat organi:

  • soliq maslahati bo‘yicha faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni shu jumladan, milliy standartlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
  • Soliq maslahatchilari palatasiga soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarni o‘tkazish va soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olishga nomzodlarni o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha texnik, metodologik ko‘mak ko‘rsatadi;
  • qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Soliq maslahatchilari palatasiga soliq maslahati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi norma va qoidalarni o‘z ichiga olgan qonunchilik hujjatlar loyihalarini kelishish vakolati berilmoqda.

Soliq maslahatchilari palatasining vazifalar va funksiyalari belgilanmoqda. Vazifa sifatida quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:

  • soliq maslahatchilari va soliq maslahatchilari tashkilotlarini birlashtirish va ularning manfaatlarini ifoda etish;
  • soliq maslahatchilarning kasbiy manfaatlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash;
  • soliq qonunchiligini va soliq maslahati to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish jarayonida qatnashish.

Soliq maslahatchisi assistenti tushunchasi kiritilmoqda. Soliq maslahatchisining assistenti – ayrim professional faoliyat turlarini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs.

Soliq maslahatchisining assistenti, agar soliq maslahatchilari tashkiloti shtatida bo‘lganda yoki u bilan soliq maslahatchilari tashkiloti tomonidan fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnoma tuzilgan taqdirda, soliq maslahatiga jalb qilinishi mumkin.

Soliq maslahati xizmati muayyan bilimni talab qiladigan xizmatlar turiga kirgani inobatga olinib “professional xizmatlar” deb belgilanmoqda va ular ro‘yxati kengaytirilmoqda. Jumladan:

  • ortiqcha undirilgan yoki ortiqcha to‘langan soliqlarni qaytarish va (yoki) qoplash, soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda soliq organlariga taqdim qilinadigan hujjatlarni tayyorlash;
  • soliq va moliyaviy xavflarni tahlil qilish va baholash, shuningdek ular bo‘yicha tavsiyalar taqdim qilish, soliq imtiyozlarini qo‘llash bo‘yicha tavsiyalarni mijozga (ishonch bildiruvchiga) taqdim qilish;
  • mijoz tomonidan uning muayyan davr uchun, shu jumladan, ixtiyoriy tugatilayotganda soliq majburiyatlarini to‘g‘ri bajarganini tekshirish.

Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar bilan bir qatorda boshqa xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ro‘yxat kengaytirilmoqda. Jumladan:

  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda, faoliyat yuritish davrida, shuningdek, mijoz (ishonch bildiruvchi) tugatilganda kuzatib borish;
  • investitsiya loyihalarini tahlil qilish, ekspertizadan o‘tkazish va kuzatib borish;
  • soliq solish masalalari bo‘yicha seminarlar va treninglar o‘tkazish.

Soliq maslahatchilariga quyidagi huquqlar berilmoqda:

  • mijozning (ishonch bildiruvchining) manfaatlarini sudlarda va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda soliq huquqbuzarliklari bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy, fuqarolik, jinoyat, shu jumladan, dastlabki tergov va ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish davomida ifoda etish;
  • soliq tekshiruvi o‘tkazilganda, mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan asoslantirish sifatida soliq maslahati bo‘yicha xulosani mustaqil ravishda taqdim qilish;
  • soliq maslahatchilari tashkilotlari soliq maslahati bo‘yicha birgalikda xizmat ko‘rsatish va boshqalar.

Soliq maslahatchilarining Ekspert kengashi tashkil etilib, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

  • nizolarga sabab bo‘layotgan soliq qonunchiligiga oid masalalarni ko‘rib chiqish;
  • soliq sohasidagi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ekspertlik baholashdan o‘tkazish;
  • soliq qonunchiligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarda tafovutlarni aniqlash va vakolatli davlat organiga ko‘rib chiqish uchun taqdim qilish.

Mavzuga oid