Qozog‘istonda hukmron partiya nomi o‘zgardi
Qozog‘istonda Nur Otan partiyasi nomini «Amanat» deb o‘zgartirish taklif qilindi, deb yozmoqda Tengrinews.
Parlament majlisi raisi Yerlan Koshanov partiyaning navbatdan tashqari qurultoyida tegishli taklif bilan chiqdi.
«Partiyamiz mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar markazida turibdi. Ochig‘ini aytganda, mamlakat bilan birga partiya ham yangilanishi kerak. Tashkilot faoliyatini yangicha mazmun bilan to‘ldirish uchun zarur o‘zgarishlar qilish kerak. Shu munosabat bilan biz partiyaning mohiyati va nomini o‘zgartirishni to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Qozog‘istonning hukmron partiyasini ajdodlarimizga hurmat sifatida «Amanat» deb atash kerak, degan fikrdamiz. Partiya nomini «Amanat» deb o‘zgartirishni taklif qilamiz», dedi Koshanov bugungi qurultoyda.
O‘z navbatida, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Amanat» nomi ma’qul bo‘lganini bildirdi.
«Birinchi prezident tomonidan tuzilgan Nur Otan partiyasi davlat qurilishida muhim rol o‘ynadi. Qozog‘istonni mustahkamlash vazifalarini amalga oshirish uchun jamiyatni birlashtirdi. Kelajak haqida gapirganda, uning o‘tmishdagi xizmatlarini unutmasligimiz kerak. Ammo vaqt bir joyda turmaydi. Hal qilinishi kerak bo‘lgan yangi vazifalar bor», dedi To‘qayev.
O‘tgan yil noyabr oyida siyosiy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida Nursulton Nazarboyev Nur Otan partiyasi raisi vakolatlarini topshirishga qaror qilgan edi. U partiyani mamlakat prezidenti boshqarishi kerakligini ta’kidlagan. 28 yanvar kuni To‘qayev Nur Otan partiyasi raisi etib saylandi.
Prezident fevral oyida partiya faoliyatini modernizatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
To‘qayev partiya faoliyatini tizimli qayta qurish zarurligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, partiya mamlakat fuqarolarining ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun zamonaviy talablarga javob berishi, faoliyatida tezkor bo‘lishi zarur.
Mavzuga oid
17:04 / 11.12.2024
Qozog‘istonda kuydirgi sababli chorva uchun majburiy karantin joriy etildi
09:35 / 22.08.2024
Ekspert guruhlari O‘zbekiston siyosiy partiyalari taqdim etgan imzo varaqalarini ko‘zdan kechirdi
14:11 / 21.08.2024
O‘zbekistonda barcha siyosiy partiyalarga parlament saylovlarida qatnashish uchun ruxsat berildi
08:55 / 19.08.2024