O‘zbekiston | 07:44 / 04.03.2022
10776
4 daqiqa o‘qiladi

Barcha mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi kiritiladi

Foto: Shutterstock

Prezident tomonidan “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.

Farmon bilan quyidagilar tashkil etiladi: Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi; Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi.

Qo‘mita oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Quyidagilar qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, gender tenglik kafolatlarini ta’minlash, ilmiy faoliyatga keng jalb qilish;
  • oila va xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish;
  • xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish, qishloq joylardagi xotin-qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish;
  • xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • xotin-qizlar yo‘nalishidagi NNT faoliyatiga yordam ko‘rsatish.

Hujjat bilan quyidagi lavozimlar kiritilmoqda:

  • Vazirlar Mahkamasida: Bosh vazir o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi;
  • Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashida - Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi;
  • viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida: hokim o‘rinbosarlari - oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari;
  • tuman (shahar) hokimliklarida: hokim o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari.

Shaharlar, qishloqlar va ovullardagi har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etiladi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari negizida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Vazirlik nuroniy va keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, mahallalar bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Quyidagilar vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • mahallalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • mahallalarning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeyini yuksaltirish;
  • nuroniy va keksalarni mahallalarda oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashga keng jalb etish;
  • mahallalarning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid