Jamiyat | 13:03 / 06.03.2022
48704
10 daqiqa o‘qiladi

Hayotiy hikoya: Onam kundoshining ikki farzandini katta qildi

Nufuzli tashkilotda ishlovchi ayol so‘zlab bergan onasi taqdiri har qanday kishini o‘yga toldiradi. Bu hayotiy hikoya avvalo ona matonatining bepoyonligi, qolaversa, shukronasining mukofoti borligi isbotidir. Ayol uchun umr yo‘ldoshining hayotida ikkinchi insonning borligi fojia bo‘lsa, shu taqdirga ko‘nib, isyon ko‘tarmasdan, vaqti kelganida kundoshining farzandlarini ham bag‘riga olgani sizni ham befarq qoldirmas.

Fotokollaj: Kun.uz

“Baxtli bolalik nimaligini juda yaxshi bilaman. Havas qilsa arzigulik oilada katta bo‘lganman. Ota-onam ziyoli inson bo‘lish bilan birgalikda, otam yuqori lavozimda faoliyat yuritgan. Onam tabiatan og‘ir, bosiq, vazmin ayol edi. Dadam esa ularning mutlaqo aksi: jizzaki, injiq, ta’bi nozik inson bo‘lgan. Kasb taqozosi uni shu holga keltirib qo‘ygan bo‘lsa ajab emas.

Onam asli o‘qituvchi bo‘lgan. Ammo turmush qurgach, dadam uning ishlashini istamagan. Shu sababli uyda, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan andarmon bo‘lishlariga to‘g‘ri kelgan. Dadam to‘ng‘ich farzand bo‘lgani sababli, oiladagi bor mas’uliyat uning yelkasida edi: ukalarini o‘qitish, uyli qilish va hatto ishga joylashgacha bosh-qosh bo‘lgan. Besh uka va uch singil shu tarzda o‘z hayotlarini yo‘lga qo‘yishgan.

Dadam yarim tunga qadar ishlar, ammo har tun kirib, biz farzandlarning peshonamizni silab, o‘pib qo‘yishni kanda qilmasdi. Ular biz uchun faxrlanishga arzigulik inson edi, desam adashmagan bo‘laman.

Elas-elas eslayman. Bizning oilada tarbiyaviy usul g‘oyatda murakkab, ammo namunaga arziydigan edi nazdimda. Hayronman, dadam hech qachon bizga urishib, jyerkib yoki qovoq solib gapirmagan. Ammo negadir ular bizning birorta xatomizni bilsa kechirmaydi, degan tushuncha bor edi murg‘ak yuragimizda. Chunki onam har doim bir gapni takrorlardi: “Dadangga aytib beraman, boshqa chora qoldirmayapsan...”

Hafta so‘ngida onamga yalinishga tushardik, dadamga bizning aybimizni aytmasligini iltimos qilardik. Yana shunday odat bor ediki, dadam va maktab o‘rtasida daftar yuritilardi. Daftar ustiga “O‘qituvchi bilan muloqot” deb yozib qo‘yilar edi. U daftarni hayot-mamotimiz desam adashmagan bo‘laman.

Onam o‘qishimizga nimagadir aralashmas, odatda juda band bo‘lardi. Ro‘zg‘or katta, tashvishi undan ham ko‘p. Har yakshanba uyimizda oilaviy yig‘inlar tashkil etilardi. Bunday bazmlar uchun alohida tayyorgarlik ko‘rar edik.

Bir gap aytsam balki ishonmassiz: oilamizda hech qachon ota-onamizning urishganiga va hatto, baqirib gaplashishganiga guvoh bo‘lmaganmiz. Chunki onam haddan ziyod itoatkor ayol bo‘lgan. Balki shuning uchun oilada tinchlik muhiti ustun bo‘lgan.

* * *

Yashindek xabar oilamizni zirqiratib tashladi. Ana shunday osuda kunlarimizning birida dadamning boshqa ayoli borligi haqida gaplar tarqaldi. Dadam rahbar, hamma taniydi. Yaxshi gap ham, yomon gap ham tez tarqalardi. Shov-shuvlar avjiga chiqdi. Uyimiz esa negadir doimgidek sokin. Faqat onam qanaqadir g‘amgin ko‘rinishda yuradigan bo‘lib qolganini eslayman. Lekin dadamga munosabati doimgidek edi.

Mish-mishlar isbotini topdi. O‘sha kezlar yuqori sinfda o‘qir edim. Uyda janjal ko‘tardim. Onamni qo‘rqoqlikda aybladim. U esa jim turib, aralashmasligim kerakligini aytdi. “Dadangni qanday ayblayman: uyga o‘z vaqtida kelsa, menga zulm qilmasa, bolalariga mehribon ota bo‘lsa... Ro‘zg‘orimiz to‘kis”.

Haqiqatan ham uyimizda muammo yo‘q edi. Faqat onam tez-tez kasallanar, dadam esa undan vaqtini ham, pulini ham ayamas edi. Faqat xiyonati...

O‘sha ayol ham begona bo‘lmagan. Uyimizga kelib ketib yuradigan kotiba qiz edi. Turmush sharoiti og‘irroq bo‘lgani uchunmi bilmadim, har holda ikkinchi ayol bo‘lishga rozi bo‘lgan. Keyinchalik ularning ikki nafar farzandlari borligini eshitdim. Shuni aniq bilamanki, bu masala ota-onamiz o‘rtasida qolib ketdi. Hech kim buning hisobini so‘ragani ham yo‘q.

Ikkinchi singlim o‘qishni bitirib, dadam ishlaydigan tashkilotga ishga chiqadigan bo‘ldi. U ayol ham o‘sha yerda ishlardi. Shunda onam singlimga shunchalar uzoq nasihat qilganki... “U ayolga duch kelasan. Hammaning ko‘zi senda bo‘ladi. Qo‘lingni ko‘ksingga qo‘yib salom ber. Hurmatini joyiga qo‘y va hech narsani sezdirma”, deya ta’kidlagan. Singlim baribir uzoq ishlolmadi, g‘ururi yo‘l qo‘ymadi.

* * *

Yillar o‘taverdi. To‘satdan dadamning ishlari yurishmay qoldi. Mol-davlat ham avvalgidek emasdi. Bir kuni onam meni yetaklab, bir joyga borib kelishimizni aytdi. Biz o‘sha ayolning uyiga bordik. Dadam ulardan xabar olmay qo‘ygan ekan. Buni onam qayerdan bilganini bilmayman-u, ammo u ayol ikki farzandi bilan nochor yashar ekan. U onam bilan ancha gaplashib o‘tirdi. Ular kundoshlardek alamzada emas, balki dardlashayotganga o‘xshardi.

Onam bolalarga mayda-chuyda, pul berdi. Yana kelib xabar olishini aytdi. Men o‘sha vaqtlar poytaxtda o‘qirdim. Qaytayotib onamdan nega bu yerga kelganini so‘radim. Onamning javobi haligacha qulog‘im ostida jaranglaydi: “Otangni shu norasidalarning uvoli tutishidan qo‘rqaman. Mening farzandlarim to‘kinlikda katta bo‘lsa-yu, bu bechoralar chor-nochor o‘ssa, buning javobi og‘ir bo‘ladi. Qolaversa, bolada nima ayb?”

Uyga qaytgach, onam dadamdan ulardan xabar olishini so‘raganini ham eshitganman. Dadam onamga u ayol haqida bemalol so‘zlay olardi. Nima qilish haqida maslahatlashardi hatto.

* * *

Turmushga chiqayotganimda kelin ko‘ylagimgacha dadam tanladi. Orzu-havas uchun o‘nta qizga yetadiganini sarfladi. Bir kuni ota uyimga kelganimda yarim tunda darvoza qattiq taqilladi. Darvozani ochgan ukamni dadamning ikkinchi ayoli itarib, uyga bostirib kirdi. Ostonada dadam, onam hayratda qarab turishardi.

Aytishicha, uyning egasi ularni chiqarib yuboribdi. Endi dadamdan uy talab qilib kelibdi. Onam o‘sha kuni u ayolni bag‘riga bosib, rosa dalda berdi. Ayol dadamni ertaga kutishini aytib, eshikdan chiqib ketdi. Bu paytda dadamning imkoniyatlari cheklanib, ro‘zg‘orni arang tebratayotgan vaqtlari edi. Farzandlar ulg‘aygan, ukalarim shartnoma asosida o‘qiydi. Xullas, unga uy olib berishning iloji yo‘q edi.

Ertasiga darvozani ochsam, mashinada ikki go‘dak: biri uch va biri besh yoshlar chamasidagi ukalarim turardi. Onasi ularni dadamga berib yuboribdi. Dadam onamga olib keldi. Farzandlar kasalmandgina ekan. Ularni katta qilguncha onam nihoyatda qiynaldi, lekin umuman sezdirmadi. Bolalar ham onamni ona deb atay boshlashdi.

* * *

Tug‘ilganini o‘zim bilmagan ukamga, u ayolning o‘g‘liga sunnat to‘y qildik. Dadam bilan onam to‘yxona eshigining yonida keldi-ketdiga qarab turishibdi. Ikkinchi ayol ham barcha qarindoshlari bilan mehmon bo‘lib keldi. Shunda ular ko‘rishayotganda xayolimda onam qalqib ketgandek bo‘ldi, lekin to‘y oxirigacha sezdirmadi, mardona turib berdi.

Men ham bir farzandli edim o‘sha vaqt. Har holda ko‘p narsani tushunib qolgandim. Ammo onam o‘sha kuni qiynaldi. Lekin buni sezdirmadi. To‘yda u ayolning onasi so‘z oldi. “Qizimning gunohi uchun shu ayolning oldida tiz cho‘kaman” deb onamni quchoqlab rosa yig‘ladi. Nafaqat u, balki to‘yxonadagi hamma ko‘ziga yosh oldi.

Bugun bolalar onamda. O‘zlarining onasini bilishadi, borib turishadi. Ularning onasi ham doim kelib onam bilan dardlashib ketadi. Dadam bilan munosabati uzilib ketgan. Hayotida kimdir bormi, yo‘qmi bilmayman.

Bugun dadam onamsiz hech qayerga borolmaydi. Juda suyanib qolishgan. Onam esa haliyam dadamni ayblamaydi. Eng yaxshi er, eng yaxshi ota deb hisoblaydi. Dadam ishga ketgunicha onam doim koridorda, dadamning tuflisini o‘ng qilib, ketishga shay qilib kuzatadi. Dadamning ovqatlanish tartibi bor. Uni kelinlarga ishonmaydi onam. Dadamning xizmatini o‘zidan boshqaga qildirmaydi...

* * *

Yaqinda o‘sha ukamizning tug‘ilgan kuni bo‘ldi. Onam bir kun oldin bolani onasi oldiga yetaklab bordi. Yo‘ldan tort, mayda-chuyda oldi. Xullas, onasining oldida nishonlab, bolani oldiga olib borib, yana ortga qaytdi. Ertasiga oilamiz davrasida biz nishonladik. Shunchaki, o‘z onasining bizning davraga kelolmasligini bilgani uchun onam shu ishni qilgan edi...

Abror Zohidov yozib oldi.

Mavzuga oid