Jamiyat | 13:55 / 11.03.2022
10723
4 daqiqa o‘qiladi

“Oilamdagilarning baxtiga sog‘ayib ketay” - o‘ziga shifo so‘rayotgan bolalar iltijosi

Oramizda shunday oilalar borki, ular uchun yagona orzu, yagona baxt – sog‘likda. Farzand dog‘ini, yetimlik zahrini totguvchilarni ko‘paytirish bilan tahdid qiluvchi dardning biri oqqon. Bugun ham ularning nolalari qalblarga yetib borishini istardik.

Tilab olgan bolamda oqqon

Dardning vaqt, makon bilan hisoblashmasligi ma’lum. Oqqonga chalingan bolalarning aksariyati davolanish uchun viloyatlardan Toshkentga kelishi odatiy holga aylangan. Ammo poytaxtning o‘zida ham bu mash’um xastalik iskanjasiga tushgan go‘daklar yetarli ekan. 4 yashar Siddiqa shundaylarning biri. Onasi qizaloqda xastalikning boshlanishi shamollash kabi ko‘ringani, keyin esa butun oilani dahshatga tushirganini aytadi:

“Oqqonni eshitganman-u, nimaligini bilmasdim. Farzandim bu dardga chalinganini aytishmadi menga. Tashxisni o‘qib, internet orqali qidirsam hamma ma’lumotlar kelib chiqdi. Qarasam – oqqon. Birinchi farzandim nobud bo‘lib, bu bolamni tilab olgandik.

Qizim judayam boshqacha, hamma narsaga qiziqadi. Oson shifo berishini so‘rayapman. Kasalxonadagi bolalarni ko‘rib chiday olmayapman. Barcha bolalar tuzalib ketishsin”.

Siddiqa Komilovaga oid ma’lumotlar:

Uzsard: 8600 5504 3374 4019 otasi Muhammadumar Komilov nomida

«Bobom, momom, ayam va dadamning baxtiga tuzalsam bo‘ldi» – o‘ziga shifo so‘rayotgan xasta qizaloq

Surxondaryolik Mubina hozir 9 yoshda, 7 yoshidan beri bu dard bilan kurashib kelyapti. Salomatligi sabab maktabga qatnash, boshqa bolalar kabi yugurib o‘ynash mumkin emas. 14 nevarasining orasida eng suyuklisi bo‘lgan qizaloqning azoblari ota-onasi bilan birga buvisi uchun ham nihoyatda iztirobli.

“Maktabga borishni, tengdoshlarim qatorida yurishni, tezroq tuzalishni xohlayman. Ukollar qiynaydi. Bobom, momom, ayam va dadamning baxtiga tuzalsam bo‘ldi”, — deya o‘ziga shifo so‘rayotgan Mubinaning ko‘zlaridan to‘kilayotgan yoshga yurak bardosh bermaydi.

Mubina Uzoqovaga oid ma’lumotlar:

Uzsard: 8600 0610 9963 4866 onasi Shahnoza Eshqurbonova nomida

“Oshxonalarda idish-tovoq yuvib, o‘g‘limning nafaqasi hisobiga kun ko‘ryapmiz”

Dilafro‘zning boshiga tushgan tashvishlarning adog‘i yo‘q. Uch farzandi bilan yolg‘iz qolgan ayolning turmush o‘rtog‘i ishlash uchun xorijga chiqib ketganicha dom-daraksiz. Bunga sabab to‘ng‘ich farzand – Azizbekning kasallikka chalingani bo‘lgan.

“Bolamda oqqon aniqlangandan keyin otasi 1-2 oy yordam berdi-yu, keyin ishlagani chet elga ketdi. Shundan beri xabarsiz, telefoni ham o‘chgan. 70 yoshli onam, aka-ukalarim yordam berishadi. O‘zim oshxonalarda idish-tovoq yuvib, o‘g‘lim uchun oladigan nafaqa hisobiga kun ko‘ryapmiz”, — deydi bemorning onasi Dilafro‘z Rashidova.

Azizbek Rayimovga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0825 1113 1383 onasi Dilafro‘z Rashidova nomida

“Kelinim endigina 27 ga kirdi, bolalari uchun kerak”   

Bemorlikning aziyati boladan ham ko‘ra onalarga ko‘p ozor yetkazishi tayin. Ammo shunday qaynonalar ham borki, xasta kelini uchun onalardan ko‘proq kuyunadi. Jizzaxlik oilaning kelini, ikki farzandning onasi Marg‘uba Erkaboyeva bir yildan buyon oqqondan tuzalish umidida.

“Kelinimni bir yildan beri davolatamiz. Imkonimiz yetadi deb o‘ylardik. Bor narsamizni sotdik, lekin yetmadi. Ilik ko‘chirish operatsiyasini tavsiya qilishdi, katta mablag‘ kerak ekan bunga. Unga imkoniyatimiz yetmaydi.

Kelinim endigina 27 ga kirdi. Ikki farzandining biri 5 yosh, biri 3 yoshda. Shular uchun yashasa deyman”, — deya yig‘laydi nevaralarini o‘zi katta qilayotgan ona.

Marg‘uba Erkaboyevaga oid ma’lumotlar:

Uzsard: 8600 0424 9013 5455 Marg‘uba Erkaboyeva nomida

Taqdirning sinovlariga bardosh berib, umidini uzmayotgan bu yurtdoshlarimiz iltijosi beiz va bejiz ketmasligiga umid qilamiz. Savoblarga o‘ch xalqning bolalari xastalikni yengishi aniq.

Mavzuga oid