O‘zbekiston | 17:16 / 14.03.2022
8387
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xorijlik mutaxassislar uchun IT-viza joriy qiladi

O‘zbekistonda 1 apreldan chet ellik IT-mutaxassislari, investorlar hamda ularning oila a’zolari uchun IT-viza beriladi. Xorijlik mutaxassislar vizaning amal qilish davrida O‘zbekistonga erkin kirib-chiqishlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. 

Foto: O‘zA

IT-Park matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, IT-viza axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar, IT-Park a’zosi bo‘lgan kompaniyalar ta’sischilari va investorlarga 2022 yil 1 apreldan 3 yil muddatga beriladi.

IT-Park tavsiyasiga binoan beriladigan IT-viza’ning narxi bazaviy hisoblash miqdorining 14 barobari (hozirgi kunda 3 million 780 ming so‘m) bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

IT-viza olgan chet el fuqarolari vizaning amal qilish davrida O‘zbekistonga erkin kirib-chiqishlari, qayta ro‘yxatdan o‘tmasdan mamlakatning barcha hududlarida bo‘lishi, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.

IT-viza olgan xorijlik mutaxassislarning yaqinlariga ushbu vizaning amal qilish muddati bilan teng muddatga «mehmon viza»si ham beriladi.

IT-viza berishga doir huquqiy normalar «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritish asosida tartibga solinadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida ishga tushirilgan «TashRush» dasturi yordamida  chet el kompaniyalari va IT-mutaxassislarga (OneStopShop tamoyili asosida) yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish, ofislarni qidirish, xodimlarni yollash bo‘yicha xizmatlar taqdim etiladi. Mutaxassislar uchun esa IT-Park rezident kompaniyalariga moslashish va ishga joylashishda ko‘mak beriladi.

IT-Park tomonidan xorijiy kompaniyalar va IT-mutaxassislariga taqdim etiladigan vizalar va boshqa xizmatlar haqida, shuningdek, «TashRush» loyihasi yo‘l ko‘rsatkichiga doir batafsil ma’lumot bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Shuningdek, AKT vazirligi 2017 yilda qabul qilingan tegishli prezident farmoni asosida O‘zbekistonda IT kompaniyalarga qator imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilganini eslatib o‘tdi.

Xususan, IT kompaniyalar 2028 yilgacha bo‘lgan muddatga:

  • - barcha turdagi soliqlardan;
  • - asbob-uskunalarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan;
  • - chet ellik mutaxassislarni jalb qilish uchun ruxsatnoma olishdan to‘liq ozod qilingan edi.

Shuningdek:

  • - xorijiy kompaniyalarning dividendlaridan olinadigan soliq 5 foizgacha;
  • - daromad solig‘i stavkasi 7,5 foizgacha tushirilgan.

Bundan tashqari, korxonalarga:

  • - faoliyatni ofisni ijaraga olmasdan, masofadan turib amalga oshirish;
  • - ta’sischilarga dividendlar va chet el valutasida ish haqi to‘lash;
  • - eksport kontrakti mavjud bo‘lmagan holda xizmatlar eksportini elektron savdo platformalari orqali amalga oshirish huquqi berildi.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan joriy qilingan sanksiyalar oqibatida ko‘plab mutaxassislar Rossiyani tark etayotgani xabar berilgan edi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid