Sport | 11:00 / 15.03.2022
40362
4 daqiqa o‘qiladi

Messi «cho‘qqisi»

Parijliklarning Madriddagi mag‘lubiyati, so‘ng, Fransiya chempionati navbatdagi turida Messi, Neymar kabi futbolchilarga qarata hushtakbozliklar, umuman aytish mumkinki, Messi o‘z faoliyatidagi eng yomon mavsumini o‘tkazmoqda va hatto uning Barselonaga qaytishni istayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Hozirgina «Futbol TV»dagi studiyada qiziq bahs bo‘ldi – mabodo Messi «Barselona»ga qaytsa, jamoaga foyda keltiradimi, yo‘qmi?

Albatta, maydonda uning o‘rni beqiyos, gollar uradi, boshqaradi, kuchaytiradi, ammo shu holatda hozir go‘yoki yaxshi yo‘lga tushib qolgan Xavi jamoasiga xalaqit bermasmikin..?

Shunaqaroq fikrlar ham yangradi va oldimizda Ronalduning «MYu»ga qaytish hikoyasi turibdi – portugaliyalik futbolchining qaytishi qaysidir ma’noda Sulsher loyihasini buzdi va yakunda murabbiy iste’fosi bilan tugadi. Misol judayam o‘rinli va hammasi yaqqol. To‘g‘ri.

Lekin boshqa fikr bor.

Gap shundaki, Ronalduning kelishi «MYu»dagi kutilmalarni bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarib qo‘ydi. Ya’ni, «MYu» APL chempionligi uchun kurashishi, Chempionlar ligasida favorit bo‘lishi kerak. Maqsad shunaqa bo‘lishi lozim. Sulsher endi mana shu «planka»ga mos kelmay qoldi va ketdi. Zero oldingi mavsumlarda ham omadsiz davrlar yetarlicha bo‘lgan. Angliyada peshqadamdan 20 ochko ortda bo‘lsa-da, 2-o‘rinni olish, Yevropa ligasi bo‘lsa-da, «Vilyarreal»dan bo‘lsa-da, yutqazish «MYu» uchun kechirimli va hatto ijobiy holat sifatida baholanishi mumkin bo‘lib qolgandi.

Ronaldu keldi va masala ko‘ndalangroq qo‘yildi – bu jamoa barcha turnirlarda chempionlik uchun kurashishi shart. To‘g‘ri, hozir kurashmayapti, ahvol badtarroq, ammo kutilma o‘shanday turibdi, shuning uchun Sulsher iste’foga chiqdi, shuning uchun Rangnik ham ketadi.

Esingizdami, Portugaliya milliy jamoasi tarkibidagi futbolchilar? Kuarejma, Pepe, Eder, Moutino... Bu futbolchilar Yevropa uchun o‘rtamiyona, Yevroda har qanday sovrin ham bemalol qanoatlantirishi mumkin bo‘lgan pallada «Oltin to‘p» uchun kurashib yurgan Ronaldu Portugaliyani chempion qilgandi. O‘yini bilan kuchaytirishdan-da ko‘proq, aynan jamoa darajasini, kutilmani bir pog‘ona yuqoriga ko‘targan edi.

Messiga qaytamiz.

Ha, Xavining «Barselona»siga gap yo‘q. Juda chiroyli o‘ynayapti, ko‘p gollar uryapti. Ishonaman, bu jamoaga Messining qo‘shilishi qayerdadir zarar keltiradi, pressingni kamaytiradi, kimdirlar zaxirada qolib ketadi, qo‘shilaman.

«Arsenal», «Vulverhempton», «Lion», «Sevilya» singari klublarning sobiq futbolchilari La Ligada o‘sha «Sevilya»ni yoki «Betis»ni ta’qib qilishni yoki Yevropa ligasida favorit bo‘lishni zo‘r eplab bermoqda. Qoyil. Ammo...

«Barselona» libosini kiyishning o‘zi katta bayram bo‘lgan bu ijrochilar indinga Chempionlar ligasi yarimfinalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, yig‘lay olarmikinlar? Ularning cho‘qqisi «Barselona»ning yetakchi futbolchisi bo‘lib qolishdami? Yoki butun Yevropani zabt etolmaslik ularning ham boshini egishi mumkinmi?

Messi «Barselona»ga aynan shuni taqdim etadi. Qaytaradi. Boshqacha «Barselona» bizga kerak emas.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid