O‘zbekiston | 11:29 / 18.03.2022
7695
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda yo‘l ustiga xarsangtosh tushib ketdi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida yo‘l ustiga tushgan ulkan xarsangtosh qatnovni to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, G‘ilon qishlog‘iga olib boruvchi yo‘lga 1 mart kuni katta tosh bo‘laklari tushib, yo‘lni yopib qo‘ygan. Olib borilgan o‘rganishlar jarayonida Hisorak—G‘ilon avtomobil yo‘lining 15-kilometriga, taxminan, 400 metr kub hajmli tosh bo‘lagi qulashi oqibatida yo‘lning 20 metrdan ziyod qatnov qismi to‘liq yopilib qolgani aniqlangan.

Xavfsizlik talablariga qat’iy amal qilgan holda, Maxsus mexanizatsiyalashgan xizmatlar, Qashqadaryo viloyati FVB tasarrufidagi muhandislik-muhofaza otryadi hamkorligida yo‘lni to‘sib qolgan ulkan xarsangtosh tegishli choralar asosida bartaraf qilingan.

Yo‘lni tosh uyumlaridan tozalash ishlari harbiy xizmatchilar, G‘ilon qishlog‘i fuqarolaridan iborat 50 nafardan ziyod faol yoshlar ishtirokida tashkil qilingan va avtomobil qatnovi to‘liq yo‘lga qo‘yilgan.

Avvalroq Qamchiq dovonida 15 mart kuni yo‘l chetiga tosh-tuproq massasi to‘kilib tushgani, Amirsoy tog‘-chang‘i kurortiga olib boruvchi avtomobil yo‘lida tuproq ko‘chishi sodir bo‘lgani xabar qilingandi. Bunga me’yoridan ko‘p yog‘ingarchilik yog‘ishi sabab bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid