Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent va Samarqandda Turkiya madaniyati kunlari tashkil etiladi
O‘zbekiston – Turkiya Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida xalqlarni Navro‘z bayrami va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan tabrikladi. Millatlar tarixi birligi va bugungi yaqinligiga e’tibor qaratdi.
– Buyuk ipak yo‘lining chorrahalarida joylashgan yurtlarimiz qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hududlar sifatida shuhrat qozongan. Hozirda turk qardoshlarimiz bizdan minglab kilometr olisda yashayotgan bo‘lsalar-da, bizlarning tillarimiz va dillarimiz nihoyatda yaqindir. Bizning tarixiy ildizlarimiz bir, bugungi orzu-intilishlarimiz ham mushtarak, – dedi O‘zbekiston prezidenti.
O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida savdo va investitsiya aloqalari jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi 2,5 barobarga, qo‘shma shirkatlar soni 5 karraga ortgan. Turkiyadan O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi esa 70 marotabaga ko‘paygan.
Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi aloqalar rivojiga katta hissa qo‘shayotgani, uning bugungi yig‘ilishi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani ta’kidlandi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning hozirgi yuqori darajasidan kelib chiqib, munosabatlarimizni keng qamrovli strategik sheriklik maqomiga ko‘tarishga kelishib oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar chog‘ida siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, to‘qimachilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalarga oid masalalar muhokama qilingani aytildi. Erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish uchun qo‘shma “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, mamlakatlar davlat-xususiy sheriklik mexanizmini rivojlantirish borasida yaqindan hamkorlik qilishdan ham manfaatdor. O‘tgan yili Anqara va Istanbulda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilgan edi. Bu yil Toshkent va Samarqand shaharlarida Turkiya madaniyati kunlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda turk tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida turkshunoslik fakulteti samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yaqinda Toshkentda barcha turkiy xalqlarning buyuk madaniy merosi bo‘lgan noyob asar – “Dada Qo‘rqut kitobi” o‘zbek tilida to‘liq holda nashr etildi. Davlat rahbari ushbu kitobni Turkiya prezidentiga tuhfa qildi.
- Sizning tashrifingiz hamkorligimiz uchun yangi va yuksak imkoniyatlar yaratishga juda katta hissa qo‘shadi. Ota yurtingiz eshiklari Siz va barcha turkiyalik qardoshlarimiz uchun doimo ochiq, - dedi prezident.
Mavzuga oid
22:23 / 08.06.2026
Harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlik rivojlantiriladi
13:14 / 07.06.2026
Olti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
16:20 / 26.05.2026
O‘lim to‘shagida ochilgan sir: turk tadbirkorining Shveytsariya bankiga qarshi moliyaviy urushi
13:52 / 26.05.2026