Bir yil ichida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi qanday o‘zgardi?
Rasmiy statistika asosidagi hisoblarga ko‘ra, oxirgi 1 yilda O‘zbekistonda kungaboqar yog‘i 26,9 foizga, paxta yog‘i 28,9 foizga, shakar 36,6 foizga, suyakli mol go‘shti 8,5 foizga qimmatlashgan.
2022 yilning mart oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 1,5 foizga qimmatlashib, yillik inflatsiya darajasi 10,5 foizga (mos ravishda oziq-ovqat mahsulotlari sektoridagi inflatsiya darajasi 14,5 foizni tashkil qilgan) yetdi.
O‘tgan oyda narxlar va tariflar o‘sishida yetakchi o‘rinlarni oziq-ovqat mahsulotlari egallab, oy davomida ularning narxlari o‘rtacha 2,5 foizga oshgan. Kun.uz Statistika qo‘mitasi taqdim qilgan ma’lumotlar asosida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlar o‘zgarishini tahlil qilib chiqdi.
Kungaboqar va paxta yog‘i
2021 yilning mart oyiga nisbatan kungaboqar yog‘i 26,9 foizga, paxta yog‘i narxi esa 28,9 foizga oshgan. 2022 yilning 30 mart holatiga ko‘ra, respublikaning markaziy bozorlarida 1 litr kungaboqar yog‘i 14-25 ming so‘m oralig‘ida sotilayotgani qayd etilgan. Mart oyi davomida kungaboqar yog‘i 3,1 foizga qimmatlashgan.
Ma’lumot uchun, 1 apreldan boshlab Rossiyadan xorijga kungaboqar eksport qilish taqiqlandi. Shuningdek, 15 apreldan kungaboqar yog‘i eksportiga 1,5 mln tonnalik kvota kiritilishi mumkin. Cheklovlarning 31 avgustgacha amal qilishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekistonda o‘simlik yog‘iga yillik ehtiyojning yarmiga yaqini import hisobiga qoplanishi, umumiy importning esa qariyb 2/3 qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelishi ichki bozordagi narxlar qimmatlashishiga ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Shakar
Shakar narxi yillik nisbatda olinganda 36,6 foizga, 2021 yilning dekabr oyiga nisbatan 14,5 foizga, joriy yilning mart oyida esa 12,8 foizga qimmatlashgan.
2022 yilning 30 mart holatiga ko‘ra, respublikaning markaziy bozorlarida 1 kg shakar 8,5-14 ming so‘m oralig‘ida sotilmoqda.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida shakar narxining keskin qimmatlashishiga Rossiya hukumati tomonidan shakar eksporti uchun joriy qilingan cheklovlar va chakana savdo tarmog‘ida kutilayotgan uzilishlar sabab ichki bozorida sun’iy talab bosimining oshishi ta’sir qilgan. Qo‘shimcha qilinishicha, mahalliy ishlab chiqarish quvvatlari ichki talabni to‘liq qondira oladi.
Guruch va bug‘doy uni
Yillik nisbatda guruch narxi 0,4 foizga arzonlashgan, bug‘doy uni esa 11,2 foizga oshgan. Mart oyining o‘zida bug‘doy uni 2 foizga qimmatlashgan.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil yakuniga qadar 2 mln 771 ming tonna bug‘doy doni va 357,7 ming tonna un xususiy sektor tomonidan asosan Qozog‘istondan import qilingan. Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri Yerbol Karashukeyevga tayanib, xabar berilishicha, qo‘shni respublika ichki bozorni himoya qilish uchun bug‘doy va un eksportiga vaqtinchalik cheklovlar kiritish ustida ish olib bormoqda. Bu un mahsulotlari bahosiga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.
Suyakli mol go‘shti
Qayd etilishicha, suyakli mol go‘shti 2021 yilning mart oyiga nisbatan 8,5 foizga qimmatlashgan.
Statqo‘m ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 30 mart holatiga suyakli mol go‘shtining 1 kilogrammi respublikaning markaziy bozorlarida 45-70 ming so‘m oralig‘ida sotilmoqda.
Yillik nisbatda olinganda qo‘y go‘shti ham 8,1 foizga oshgan, o‘tgan mart oyi davomida esa narxlarda o‘zgarish sodir bo‘lmagan. Statqo‘mning oxirgi ma’lumotlari bo‘yicha, bozorlarda qo‘y go‘shti 55-80 ming so‘m oralig‘ida sotilmoqda. Rasmiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, go‘sht mahsulotlari asosan O‘zbekistondagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetishtiriladi. Narxlarning qimmatlashishiga arpa, bug‘doy va boshqa chorva ozuqalari narxlarining oshishi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2021 yil davomida O‘zbekistonga 188 million dollar qiymatidagi (2020 yilga nisbatan o‘sish 84 foiz) go‘sht mahsulotlari (tovuq go‘shti) import qilingan.
Tuxum, sariyog‘ va sut
O‘tgan yilning mart oyidan beri tuxum 4,4 foizga, sariyog‘ 13,4 foizga, sut narxi esa 16,4 foizga ko‘tarilgan. Bu ko‘rsatkichni 2021 yilning dekabr oyi bilan solishtirsak, tuxum narxi 3,7 foizga arzonlashgan. Sariyog‘ narxi 4,2 foizga, sut narxi 4,7 foizga qimmatlashgan.
Bundan tashqari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tahlillariga ko‘ra, joriy yilning 1-31 mart kunlari bozorda kivi 2 500 so‘mga, mandarin 1 500 so‘mga, mosh 1 250 so‘mga, kartoshka (import), lavlagi, turp 500 so‘mga hamda guruch (alanga) 250 so‘mga arzonlashgan. Shu bilan bir qatorda, uzum 12 500 so‘mga, bulg‘ori qalampiri (qizil) 10 000 so‘mga, bodring (orzu navi) 8 000 so‘mga, anor 5 500 so‘mga, apelsin va bulg‘ori qalampiri (yashil) 5 000 so‘mga, pomidor 4 000 so‘mga, no‘xot 3 000 so‘mga, sarimsoq piyoz 2 500 so‘mga, qovun, guruch (lazer) hamda pomidor (pushti) 2 000 so‘mga, piyoz 1 200 so‘mga, nok va limon 1 000 so‘mga hamda karam 850 so‘mga qimmatlashgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi yuqori ulushga ega bo‘lgan mahsulotlar:
- Bug‘doy – 113,1 mln dollarga;
- Shakarqamish – 59,6 mln dollarga;
- Margarin mahsulotlari – 52,1 mln dollarga;
- Qoramol go‘shti – 26,5 mln dollarga;
- O‘simlik yog‘i – 22,5 mln dollarga;
- Kartoshka – 21 mln dollarga;
- Kakao va shokolad – 19,6 mln dollarga;
- Bug‘doy uni – 16,4 mln dollarga.
Mavzuga oid
14:56 / 19.12.2024
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Pokiston bozoriga olib kiriladi
20:23 / 10.12.2024
Yog‘-moy mahsulotlari eksportiga ruxsat berilishi mumkin
10:13 / 03.12.2024
Noyabr oyi uchun inflatsiya darajasi ma’lum qilindi
11:20 / 22.11.2024