O‘zbekiston | 08:34 / 06.04.2022
5323
4 daqiqa o‘qiladi

Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash boshlanadi

Vazirlar Mahkamasining “Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Getty Images

Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 1 avgustga qadar qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq advokatlik faoliyatini litsenziyalash “Lisenziya” axborot tizimi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishini ta’minlaydi.

Nizomga ko‘ra, advokatlik faoliyatini litsenziyalash: fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish; ma’muriy va jinoiy sud ishlarini yuritish ixtisosliklari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Ixtisoslik faqat fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlarini yuritishda advokatlar tomonidan malakali yuridik yordam ko‘rsatishda talab qilinadi.

Advokat tanlangan ixtisoslik yo‘nalishlaridan qat’i nazar huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar va tushuntirishlar, qonun hujjatlari yuzasidan og‘zaki va yozma ma’lumotnomalar berish, huquqiy xususiyatdagi arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlarni tuzish, davlat organlarida (sud organlaridan tashqari), jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatiga yuridik xizmat ko‘rsatish huquqiga ega.

Har bir advokat tegishli ixtisoslikni mustaqil tanlash va u bo‘yicha belgilangan tartibda malaka imtihonini topshirish huquqiga ega.

Talabgor litsenziya olish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni “Lisenziya” AT yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda yuboradi. Arizalar “Lisenziya” AT yoki YaIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.

Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari tushganda navbatdagi ish kuni arizalarning litsenziyalovchi organga tushgan va litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi.

Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazilganini tasdiqlovchi tegishli hujjat (belgi) avtomatik ravishda “Lisenziya” AT yoki YaIDXP orqali talabgorga yuboriladi. Talabgor litsenziya olish uchun taqdim qilgan arizasining ko‘rib chiqilish holatini “Lisenziya” AT orqali onlayn kuzatib borishi mumkin.

Tanlangan har bir ixtisoslik bo‘yicha malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish uchun uch oy ichida murojaat qilishi kerak. Bu muddatni o‘tkazib yuborgan talabgor litsenziya olish uchun qayta malaka imtihonini topshirganidan keyingina murojaat qilishi mumkin.

Advokatlik faoliyati uchun litsenziya berish talabgorning doimiy ro‘yxatga olingan joyidagi litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi. Lisenziya O‘zbekiston butun hududida amal qiladi va uning amal qilish muddati cheklanmaydi.

Talabgor litsenziya olish uchun quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak: O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi; oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi; yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yil ish stajiga ega bo‘lishi; advokatlik tuzilmasida kamida uch oy stajirovka o‘tagan bo‘lishi (davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida, sudya, tergovchi, surishtiruvchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar bundan mustasno).

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid