O‘zbekiston | 08:43 / 09.04.2022
16211
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqdagi yerni 1 mln dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Bo‘stonliqda 5 gektar bo‘sh yer maydonining 1 mln AQSh dollariga sotilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

IIV Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berishicha, 2022 yil 7 aprel kuni IIVga fuqaro ariza bilan murojaat qilgan.

U arizasida uch nafar fuqaro 2008 yilda «LD-Tib- Mahsulot» MChJga Bo‘stonliq tumani «Xo‘jakent» MFY hududidan «Bolalar sport-sog‘lomlashtirish va dam olish oromgohi qurilishi» uchun ajratilgan 5 gektar yer maydonini, ularga nisbatan egalik huquqi berilmagan bo‘lsa-da, ushbu yer maydoniga oromgoh qurmasdan, 2020 yilda o‘zlariga tegishli «Vista Green Technologies» MChJ balansiga o‘tkazishga erishib, 1 000 000 AQSh dollari evaziga sotishga kelishib, oldindan 50 000 AQSh dollarini bo‘nak sifatida so‘rayotganini ma’lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni IIV Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi, Bosh prokuratura Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi hamda IJQK departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Toshkent viloyati, Zangiota tumani "Eshonguzar" MFYda joylashgan notarial idora oldida fuqarolar ariza muallifidan sotilayotgan yer uchun avans sifatida 50 000 AQSh dollarini olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan IJQK departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushlangan shaxslar qamoqqa olingan. 

Qayd etilishicha, jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Mavzuga oid