Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda Markaziy charm tadqiqoti instituti ochiladi
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Hindistonga amalga oshirgan biznes missiyasi doirasida CSIR – markaziy charm tadqiqoti institutida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokara bo‘lib o‘tdi. CSIR yaqin kunlarda O‘zbekistonda o‘zining yangi ilmiy-tadqiqot institutini ochishga qaror qildi.
CSIR – terini qayta ishlash sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar bazasini o‘zida jamlagan tarmoq tashkilotidir. Tashkilot tarkibida 37 ta milliy laboratoriya, 39 ta axborot-tadqiqot markazi, 3 ta innovatsion majmua mavjud. Bu yerda qariyb 3500 nafar olim yangi ishlanmalar ustida o‘z faoliyatini olib boradi. Dunyodagi global institutlar orasida qirq oltinchi, Osiyoda birinchi o‘rinda bo‘lgan tashkilot navbatdagi ilmiy-tadqiqot markazini O‘zbekistonda ochishni rejalashtirmoqda.
CSIR’ning O‘zbekistondagi faoliyati nima beradi?
Mazkur tashkilotga qarashli bo‘lgan navbatdagi markazning aynan mamlakatimizda ochilishi natijasi o‘laroq eng avvalo, mahalliy korxonalarimiz bu yo‘nalishdagi innovatsion ishlanmalar bilan yaqindan tanishish, o‘z faoliyatlari uchun zarur texnik yangiliklarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, yangi markaz nafaqat O‘zbekiston korxonalariga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi, balki Markaziy Osiyo va MDH davlatlarining terini qayta ishlash korxonalari ham O‘zbekistonda joylashgan markaz orqali ilmiy-tadqiqot xizmatlaridan, laboratoriya tekshiruvlari natijalaridan foydalanish hamda global darajadagi patentlarni olish imkoniyatlariga ega bo‘ladi. Bu o‘z navbatida mamlakatimiz charm sanoatiga ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.
O‘zbek charm-poyabzalchilari Hindistonning sanoat poytaxtida
Hindistonning sanoat poytaxti – Kanpurda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi terini qayta ishlovchi yirik zavodlar, kompaniyalar vakillari bilan muloqotlarga kirishdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, Kanpur Hindistonning yirik iqtisodiy shaharlaridan biri bo‘lib, dunyodagi terini qayta ishlovchi kompaniyalar markazi sanaladi. Mamlakat charm savdosining 30 foiz ulushi ham aynan ushbu shaharga to‘g‘ri keladi. Kanpur shahri ichidagi Jajmau hududining o‘zida xom teridan tortib aksariyat qismi eksportga yo‘naltiriladigan tayyor “finish” darajasidagi mahsulotgacha qayta ishlovchi 300 ta korxona faoliyat yuritib keladi.
Bugungi kunda Kanpur shahrida charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 932 ta kompaniyalar mavjud bo‘lib, mahsulotlar taniqli va sifatli hisoblanganligi sababli ko‘plab xorijiy davlatlar tomonidan yuqori talabga ega.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari Kanpurda joylashgan “Penza Expors” kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muloqotda kompaniya vakillari mebelsozlik va avtomobilsozlik uchun zarur bo‘lgan qo‘tos (buyvol) terisining ikkilamchi qayta ishlangan “wet-blue” shakli O‘zbekistondan xarid qilinishini maqsad o‘rnida belgilayotganligini ma’lum qildi. Bu borada mahalliy korxonalar bilan muloqotlar o‘tkazilishi bo‘yicha kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerak, Penza Group kompaniyasiga 1990 yilda asos solingan. Dastlabki faoliyatini Hindistonning mahalliy korxonalari uchun qoramol terisidan “wet-blue” olish bo‘yicha boshlagan. Yillar o‘tgach, kompaniyada ikkilamchi qayta ishlangan terini tayyor mahsulotga aylantirish va undan charm-attorlik mahsulotlarini olish bo‘yicha ishlar boshlanadi. Sekin-astalik bilan xalqaro bozorga chiqishni maqsad qilgan kompaniya avtomobilsozlik va mebelsozlik uchun tayyor charm eksportini 2004 yildan boshlab Janubiy Koreyaga eksport qilishni boshlaydi. 2006 yildan boshlab kompaniyaning charm mahsulotlariga Italiya ham qiziqish bildiradi. Bugungi kunda Penza Group dunyoda tayyor charm yetkazib beruvchilar reytingida eng yuqori o‘rinda turadi. Kompaniyada yiliga 3,5-4 mln metr kvadrat tayyor charm ishlab chiqariladi. Klaster tizimida o‘z faoliyatini olib boradigan bu korxonada terini qayta ishlashdan tortib to tayyor mahsulotlargacha bo‘lgan jarayonlar shu joyning o‘zida amalga oshiriladi. Bugungi kunda kompaniyada aynan “wet-blue” shaklidagi yarim tayyor charmlarga talab yuqori. Shu bois bu yo‘nalishda ishlab chiqarish uchun imkoniyatlar katta bo‘lgan mamlakat – O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni maqsad qilgan. Bu esa respublikamizning eksport salohiyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Navbatdagi muloqot mavzusi sifatida yurtimiz korxonalariga malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasi ko‘rib chiqildi. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi EAST WEST TANNERS kompaniyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilmiy laboratoriyalar, shuningdek, mamlakatimizda aynan charm sanoati sohasida maxsus ta’lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha ham fikr almashildi. Kompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Covid-19 pandemiyasi tufayli bu ishlar ortga surilgan edi, biroq ayni damlarda bu ishlarni oldinga siljitish uchun imkoniyat yetarli.
EAST WEST TANNERS – jahon standartlarini o‘z ichiga olgan charm-attorlik buyumlari va aksessuarlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda Hindistonning charm-poyabzal sohasida eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar aksari aynan shu korxonada tayyorlanadi. Kompaniya faoliyatida xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barchasi talab etilgan standartlarga to‘liq mos keladi, shu va boshqa sabablarga ko‘ra u Yevropa va Amerika bozorida muayyan darajada yetakchilik qilib kelmoqda.
EAST WEST GROUP etnik va tendensiyaga ega bo‘lgan jahon darajasidagi ot sporti aksessuarlarini loyihalash va ishlab chiqish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan holda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy maqsadi Hindistondagi eksportga yo‘naltirilgan birliklarga xizmat ko‘rsatish edi. Talabning tez o‘sishi bilan doimiy yuksalish doimiy jarayonga aylandi.
HOMERA TANNING INDUSTRIES kompaniyasi O‘zbekistonda yangi qo‘shma korxona ochish bo‘yicha o‘z tashabbusini ilgari surdi. Muloqot chog‘ida qayd etilganidek, mamlakatimizda bugungi kunda xorijiy sarmoyadorlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar yangi loyihalarni samarali yo‘lga qo‘yish uchun xizmat qiladi.
HOMERA TANNING INDUSTRIES kompaniyasi Kanpurdagi yirik klaster korxonasidir. Bu yerda 6 ta charmni qayta ishlash zavodi, 3 ta mahsulot ishlab chiqarish korxonasi, logistika markazi mavjud. Klasterda 900 dan ortiq ishchi mehnat qiladi. 35 yillik tarix oralig‘ida kompaniya Hindistonning eng yirik klaster korxonasiga aylandi. Jahon brendlarining avtomobilsozligi, mebelsozligi, moda va xavfsizlik sohalari uchun tayyor charm yetkazib beradi. Shuningdek, dunyo bozoriga o‘zining keng assortimentdagi poyabzal, charm-attorlik buyumlarini yetkazib beradi.
Kompaniya muvaffaqiyatining asosiy sababi sifatida u klaster tizimida, ya’ni “charm tayyorlash+mahsulot ishlab chiqarish+yetkazib berish” tizimida ishlashi omilini ko‘rsatib o‘tish. Bu esa mahsulotning tannarxi arzonlashuviga olib keladi, natijada dunyoda kompaniya mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bugun Homera Tanning Industries jahonning aksessuarlarga bo‘lgan talabini muayyan darajada qondirish imkoniga ega.
Hindiston kapitali asosida yana bir korxona mamlakatimizda o‘z faoliyatini boshlaydi. “O‘zcharmsanot” uyushmasi delegatsiyasining navbatdagi manfaatli muloqoti CLE kompaniyasi bilan bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hind kompaniyasi rahbari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan mamnun ekanligini va biznes uchun qulay bo‘lgan bu kabi mamlakatga o‘z sarmoyasini kiritishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Charm eksport kengashi (CLE) Hindiston charm va charm mahsulotlari sanoatining tez rivojlanayotgan va eng yirik tashkilotidir. Kengash mamlakat charm korxonalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun faoliyatini olib boradi. CLE sababli ham Hindistonning global teri savdosidagi ulushi yildan yilga ortib bormoqda. Quvonarlisi shuki, CLE O‘zbekiston bilan manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki ishlarni boshladi.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining Hindistonga amalga oshirgan biznes missiyasi samarali muloqotlar, yangi hamkorlar topish va eng asosiysi, O‘zbekistonning charm-poyabzal sohasidagi salohiyatini dunyo jamoatchiligiga, xususan, yetakchi kompaniyalar e’tiboriga namoyish qilish uchun qulay platforma bo‘lib xizmat qildi.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi Matbuot xizmati Ⓣ