Jamiyat | 14:59 / 21.04.2022
30833
5 daqiqa o‘qiladi

Ramazonda qanday amallar qilishga targ‘ib qilingan?

Kun.uz O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi bilan hamkorlikda muborak Ramazon oyi, xususan, ro‘za tutishga doir eng muhim savollarga javoblar taqdim qilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Savol: Ramazon oyida ro‘zadan tashqari yana qanday amallar qilishga targ‘ib qilingan?

Javob:

Ramazon – Qur’on oyidir. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu oyda Qur’onni Jabroil alayhissalomga to‘liq o‘qib berar edilar. Vafot topadigan yillarida esa Qur’onni bu ulug‘ farishtadan ikki marta o‘tkazib olganlar.

U zot Ramazon oyida Qur’on tilovatini kuchaytirib, tungi namozdagi qiroatlarni uzaytirardilar. O‘tgan solihlarimiz ham bu oyda Qur’onni bir necha bor xatm qilib chiqishardi. Ramazon oyida boshqa nafl ibodatlarni qo‘yib, faqat Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Imom Zuhriy Ramazon kirsa: “Bu oy faqat Qur’on o‘qish va (iftorda) ochlarni to‘ydirish oyidir”, – derdilar.

Imom Molik rahmatullohi alayhi Ramazon oyi kirsa, hadis darslarini to‘xtatib, Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. Shuningdek, Sufyon Savriy rahimahulloh ham Ramazon oyi kelsa, barcha nafl ibodatlarni qo‘yib, Qur’onga yuzlanar edilar.

Imom Buxoriy rahimahulloh Ramazon oyida har kuni bir marta xatm qilar edilar. Tarovih namozidan keyin ham qoim bo‘lar va uch kunda bir marotaba xatm qilar edilar (“Tarixu Bag‘dod”).

Imom Ahmad ibn Hanbalning “Kitabuz-Zuhd” kitoblarida kelishicha, mashhur tobein Ibn Sirin rahmatullohi alayh Ramazonda tunlarini ibodat bilan o‘tkazar ekan.

“Siyaru a’lamun-Nubala” kitobida naql qilinishicha, “Qatoda yetti kunda bir marotaba Qur’onni xatm qilar edi. Ramazon oyida esa – uch kunda bir xatm qilar, agar ro‘zaning oxirgi o‘n kunligi kelsa, har kuni bir marotaba xatm qilar edi”.

Ramazon oyi – nafsni tarbiyalash oyidir. Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taolo kuzatib turganini his qilib yashaydi. Shuning uchun o‘zi yolg‘iz qolganida ham ro‘zasini ochishga jur’at etmaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish esa kishi qalbini musaffo qiladi. Uning qalbiga Alloh muhabbatidan boshqa narsa sig‘may qoladi. Ro‘za tutish orqali inson gunohlardan saqlanadi, shahvati sinadi va gunohga undovchi omillar zaiflashadi. Bu haqda quyidagi hadisda bayon qilingan:

“Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Ramazon oyining birinchi kechasida, shaytonlar va yomon jinlar kishanlanadi, do‘zax eshiklari yopilib, undan birortasi ochilmaydi. Jannat eshiklari ochilib, ular yopilmaydi. “Ey yaxshilikni xohlovchi, bu yoqqa kel! Ey yomonlik istovchi, bu ishdan to‘xta!” deb nido qilinadi. Bu kechada Alloh taolo ko‘pchilikni do‘zaxdan ozod qiladi. Mana shu har kuni takrorlanadi”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Ramazon – ibodat oyidir. O‘tgan ulug‘larimiz Ramazonga shunday intiq bo‘lishganidan, hatto oylar davomida “Ey Alloh, bizlarni Ramazonga eson-omon yetkaz!” deya Yaratganga iltijo qilishgan. Uning har lahzasini g‘animat bilib, savoblar to‘plashga qiziqishgan. Tilovat, zikr, istig‘forda bardavom bo‘lishgan. Bu yaxshilikni oila a’zolariga ham ilingan.

“Sahihi Muslim”da kelgan hadisda: “Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a’zolari va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar”, deyilgan.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

Uch kishining duosi rad etilmaydi: otaning (farzand haqqiga) duosi, ro‘zador va musofirning duosi” (Imom Bayhaqiy va Imom Ziyo al-Maqdisiy rivoyat qilgan).

Ramazon – saxovat oyidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ushbu oyni alohida e’tibor bilan o‘tkazar edilar. Bu haqda shunday deyiladi:

“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxovatli holatlari Ramazonda – Jabroil bilan uchrashgan vaqtda bo‘lar edi. Jabroil alayhissalom Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan Ramazonning har tunida uchrashar edi va Qur’onni dars qilishar edi. Haqiqatda shu kunlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketar edilar” (Muttafaqun alayh).

Maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosasi asosida chop etilmoqda.

Mavzuga oid