Jamiyat | 14:50 / 27.04.2022
25140
5 daqiqa o‘qiladi

Xavfsizlik kamari nima uchun muhim?

Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Farhod Primov navbatdagi maqolasida O‘zbekistonda avtomobilning old o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqishi majburiy etib belgilanganidan keyin kuzatilgan munozaralar yuzasidan fikr yuritdi.

Foto: Getty Images

Yangi tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, avtomobilning old o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqib olishlari majburiyligi belgilandi. Mazkur qoida ba’zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, old o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchilarning ham xavfsizlik kamarini taqib olishlari shartligi qanchalik asosli, chindan ham bu talabga zarurat bormi?

Ko‘pchilik mutaxassislar hatto «xavfsizlik kamari nima uchun muhim?» degan savol berilishini ham noo‘rin deb hisoblashadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik kamaridan foydalanish 75 foizgacha halokatli zararning oldini oladi.

Shuningdek:

  • avtomobilning 40 km/soat tezlikdagi to‘qnashuvi natijasida xavfsizlik kamarini taqmagan holda olingan zarba ko‘p qavatli binoning 4-qavatidan yiqilish bilan bir xil bo‘lar ekan;
  • avtomobilning yuqori tezlikdagi to‘qnashuvida agar xavfsizlik kamari taqilmagan bo‘lsa, oldingi o‘rindiqda o‘tirgan haydovchilar va yo‘lovchilarning atigi 20 foizi omon qolishadi;
  • xavfsizlik kamari old va orqa o‘rindiqlardagi yo‘lovchilarning o‘lim xavfini old va yon to‘qnashuvlarda 2 baravarga, ag‘darilishda esa 5 baravargacha kamaytirishi isbotlangan;
  • xavfsizlik kamaridan foydalanish old o‘rindiqdagi haydovchi va yo‘lovchilar uchun o‘lim xavfi va jiddiy jarohatlarni 40-50 foizgacha, orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun 25 foizgacha kamaytiradi;
  • 50 km / soat tezlikda ketayotgan avtomobilning to‘qnashuvi natijasida old o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchining boshi bilan old oynani sindirib, otilib chiqib ketish xavfi yuqori va bunday holatlar 90 foiz holatlarda o‘lim bilan tugaydi.

AQSh va Yevropa mamlakatlarida ham xavfsizlik kamarini taqish majburiy talab sifatida belgilangan dastlabki davrlarda bu qoidani «inson huquqlariga navbatdagi hujum» sifatida qabul qilishgan (Bugun bizning O‘zbekistonda ham xavfsizlik kamarini taqishning majburiy etib belgilanishini ortiqcha cheklov, jarima undirishning yangi vositasi sifatida tushunuvchilar ham kam emas).

Xavfsizlik kamarining haqiqatan ham kerakligiga shubha bilan qarovchilar xavfsizlik kamari jiddiy avariyalarda haydovchi va yo‘lovchilarning avtomobil oynasidan otilib chiqib ketgan holda omon qolishlarini cheklashi, kamarning noqulayligi va erkin harakatchanlikni cheklashi, avtomobil yonib ketganda xavfsizlik kamari avtomobilni tezda tark etishga imkon bermasligi, past tezlikda harakatlanganda xavfsizlik kamariga zarurat yo‘qligi kabi afsonalarni vaj qilib keltirishadi. Ammo bu vajlarning hech birida asos yo‘q.

Xavfsizlik kamarining samaradorligi avtomobildagi haydovchi va yo‘lovchilarning barchasi undan foydalanganda yanada yuqoriroq bo‘ladi. Chunki avtoavariyalarda avtomobil salonidagi haydovchi va yo‘lovchilar turli tomonga qattiq chayqalib o‘rindiqlarga, avtomobil oynalariga va yo‘lovchilar o‘zaro bir-biriga uriladilar. Hatto bitta yo‘lovchi xavfsizlik kamarini taqmagan bo‘lsa boshqa yo‘lovchilarga (garchan ular xavfsizlik kamarini taqqan bo‘lsalar ham) jiddiy halokatli jarohatlar yetkazishi mumkin.

100 000 dan ortiq avtoavariyalar tahliliga ko‘ra, agar orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar xavfsizlik kamarini taqmagan bo‘lsa, to‘qnashuv vaqtida old o‘rindiqdagi haydovchi va yo‘lovchining halok bo‘lish ehtimoli besh baravarga, agar xavfsizlik kamarini taqqan bo‘lsa, old o‘rindiqdagi haydovchi va yo‘lovchilarning tirik qolish ehtimoli 80 foizga ortar ekan.

To‘qnashuv vaqtida haydovchining ta’sir kuchi uning vazniga nisbatan bir necha o‘n baravar ortadi. Tezlik qancha yuqori bo‘lsa bu raqam shuncha o‘sib boradi. Masalan, 50 km / soat tezlikda ketayotgan avtomobil to‘qnashuvida 50 kg vaznli yo‘lovchi 2000 kg vazn bilan uriladi. Quyidagi jadvalda bu haqda batafsilroq bayon etilgan:

Xavfsizlik kamarining ahamiyati haqida uzoq gapirish mumkin. Ammo xalqimizda ming marta eshitgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan afzal deyishadi. Internetda minglab krash test videolari mavjud. Har birimiz ularni bir martadan ko‘rsak ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

Xavfsizlik kamaridan foydalanish birinchi galda o‘zimiz va yaqinlarimizning sog‘lig‘i va hayoti uchun muhimdir. Har qalay mazkur vosita noqulaylik uchun emas, sog‘lig‘imiz va hayotimizni asrash uchun o‘ylab topilganini unutmaylik.

Mavzuga oid