O‘zbekiston | 12:12 / 28.04.2022
3035
2 daqiqa o‘qiladi

Senat “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi

Bugun, 28 aprel kuni bo‘lib o‘tayotgan Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Foto: Shutterstock

Ma’lum qilinishicha, qonunning yangi tahriri xizmatlar bozoridagi pochta aloqasi faoliyatini rivojlantirishga hamda pochta aloqasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Qonun bilan pochta aloqasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari kengaytirilib, unga asosan davlat tomonidan pochta aloqasini xalqaro normalar va standartlarga muvofiq rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, ilg‘or innovatsion, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini rag‘batlantirish belgilanmoqda.

Mazkur qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini yurituvchi davlat organi sifatida Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi belgilanmoqda.

Hujjatda foydalanuvchilar manziliga oid ma’lumotlar, pochta va kurerlik jo‘natmalari, ularning tarkibi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek pochta aloqasi operatorlari hamda provayderlari faoliyati sohasiga kiradigan boshqa xabarlar pochta aloqasi sirini tashkil etishi va u davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan.

Shuningdek, qonun pochta aloqasi xavfsizligini ta’minlash choralari to‘g‘risidagi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Xususan, pochta aloqasi xavfsizligi pochta aloqasi sirini himoya qilishga, pochta va kurerlik jo‘natmalari, pochta aloqasi vositalari but saqlanishini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlandi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid