«O‘zgidromet» O‘zbekistonda iqlim qanday o‘zgarib borayotganini ma’lum qildi
Sayyoraning aksariyat mintaqalarida bo‘lgani kabi O‘zbekiston hududida ham global isish tendensiyasi oshib bormoqda. Bu haqda “O‘zgidromet” ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun so‘nggi 7 yil eng iliq bo‘ldi. Eng iliq yillar qatorida birinchi o‘rinni 2016 va 2021 yillar egallaydi.
Bahor va yoz oylarida anomal issiq davrlarning takroriyligi hamda jadalligi ortib bormoqda. Orolbo‘yi hududlari ushbu hodisaga ko‘proq moyil ekani aytiladi. So‘nggi 5 yil ichida ushbu hududda deyarli har yili maksimal havo harorati rekordlari yangilangan.
Havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni ortdi. Cho‘l hududlarida, respublika shimoli va janubida g‘ayritabiiy issiq kunlar soni 25 dan 40 kungacha (me’yor 15-30 kun) bo‘lgan.
Quruq davrlarning davomiyligi ortmoqda, bu esa atmosfera qurg‘oqchiligi va suv taqchilligi oshishiga olib keladi. So‘nggi yillarda atmosfera qurg‘oqchiligi bo‘lgan kunlar soni 50-80 kunni tashkil etib, o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarda 30-70 kunni tashkil etmoqda.
Shtorm shamollar changli g‘uborlar hosil bo‘lishi va ularning tarqalishiga olib keladi. 2021 yil noyabr oyining boshida Toshkent shahrida, shuningdek Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida birinchi marta anomal tabiiy hodisa - ko‘rish masofasi 100-200 metrgacha yomonlashishida chang-qum bo‘ronlari kuzatildi.
“O‘zgidromet”ga ko‘ra, respublika hududidagi tog‘ va tog‘oldi hududlari sel xavfi bo‘lgan zonalar hisoblanadi. So‘nggi 10 yilda respublika bo‘ylab 657 ta (2018 yil – 75 ta, 2019 yil – 132 ta, 2020 yil – 119 ta, 2021 yil – 134 ta; joriy yilda – 70 dan ziyod) sel va suv toshqinlari kuzatilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, respublika hududining 12 foizida 29 ta asosiy sel kelish havzasi mavjud bo‘lib, ushbu hududlar asosan Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida joylashgan.
Sellarning kelib chiqishi asosiy sababi kuchli jala yomg‘irlari (do‘l) bo‘lib, natijada daryo va soylarda suv sathining ko‘tarilishi, suvning o‘zandan toshib chiqishi oqibatida hududlarda suv bosish holatlari intensivligi ortmoqda.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 20 aprel kuni Jizzax viloyati Forish tumani kuzatilgan yog‘ingarchiliklar natijasida “Egizbuloq” MFYda yashovchi 5 nafar fuqaro sel oqizib ketishi natijasida halok bo‘lgan, 4 ta xonadonni suv bosgan, 10 ta xonadon jiddiy talafot ko‘rgan. 10 may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida bo‘lib o‘tgan kuchli yog‘ingarchiliklar va do‘l oqibatida To‘palang daryosidan sel kelib, 2 nafar fuqaroni oqizib ketgan.
Mavzuga oid
10:42 / 26.11.2024
27 noyabr kuni harorat yanada ko‘tarilishi kutilyapti
11:43 / 25.11.2024
26 noyabr kuni harorat 22 darajagacha ko‘tariladi
11:18 / 25.11.2024
Hafta davomida kuzatiladigan ob-havo ma’lum qilindi
17:09 / 24.11.2024