Qirg‘iziston hukumati kecha 2022-2026 yillarda temiryo‘l transportini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
![](https://storage.kun.uz/source/8/iN_qhG94xV1ag5vIRCn8AaGyMOrQtenu.jpg)
Ma’lumotga ko‘ra, qaror nafaqat temiryo‘l transporti va infratuzilmasini kelajakda rivojlantirish va yaxshilash uchun sharoit yaratadi, balki temiryo‘l orqali yo‘lovchi va yuk tashish darajasi va sifatini oshirishga xizmat qiladi.
– Temiryo‘l tarmog‘ini rivojlantirish Vazirlar mahkamasining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Kuzda mustaqilligimiz tarixidagi eng yirik loyiha – Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha temiryo‘l qurilishini boshlash rejalashtirilgan. Bu loyihani qo‘llab-quvvatlash zarur, – dedi Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov yig‘ilishda.
Ma’lumot uchun, 2019 yilda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘lini qurish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos tayyorlangandi.
Rossiya texnik-iqtisodiy asosni tayyorlash uchun 200 million rubl (3 136 364 dollar) ajratgan.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘lini qurish tashabbusi 2000-yillarning boshlarida e’lon qilingandi, ammo o‘sha vaqtdan beri bu narsa amalga oshirilmadi.
2002 yilda Pekin kelajakdagi tarmoqning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqdi va uning yo‘nalishini aniqladi. O‘sha g‘oyaga ko‘ra, yo‘l Torugart dovoni orqali Arpadan o‘tib, O‘zgan tumani orqali Qorasuv shahriga yetib borishi hamda u yerdan O‘zbekistonga olib borishi lozim edi. Uning umumiy uzunligi 268 kilometrni tashkil qilishi kerak bo‘lgan.
2017 yilda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘lini qurish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruh tuzilgan, uni amalga oshirishning uch xil varianti haqida xabar berilgandi.