O‘zbekiston | 16:57 / 23.05.2022
9318
4 daqiqa o‘qiladi

«Sportdagi natijalar yaratilgan sharoitlarga hali mos emas» - Shavkat Mirziyoyev

Sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishi ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida sportni ommalashtirish, sport ta’limini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash bo‘yicha yig‘ilish boshlandi.

Yig‘ilishda so‘nggi besh yilda sportni rivojlantirishga qariyb 4 trillion so‘m yo‘naltirilib, 118 ta yangi yirik sport obektlari foydalanishga topshirilgani va 110 ta obekt rekonstruksiya qilingani ta’kidlandi. 

Joriy yilda sport sohasiga 2 trillion 300 milliard so‘m (2017 yildan 5 baravarga ko‘p), shundan sport ta’lim muassasalari uchun 1 trillion 200 milliard so‘m ajratildi.

Ilk bor barcha mahallalardagi yoshlar yetakchilari, maktablarning jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va sport maktablari trenerlari ishtirokida yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha yangi besh bosqichli musobaqalarga start berildi.

Aprel-may oylarida musobaqalar bilan 3 milliondan ziyod yoshlar qamrab olindi.

«Lekin, sportdagi natijalar yaratilgan sharoitlarga hali mos emas», dedi davlat rahbari.

Sport maktablari bilan olimpiya zaxiralari kollejlari va oliy sport mahorati maktablari o‘rtasida seleksiya borasida uzviy «zanjir» yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi.

Misol uchun, respublikadagi 279 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabining 190 tasida 36 ta olimpiya sport turidan bor-yo‘g‘i 10 tasi o‘rgatiladi.

Oqibatda, xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun davlat barcha tashkiliy va moliyaviy sharoitlarni yaratib berayotganiga qaramasdan, Osiyo va jahon olimpiya sporti bo‘yicha chempionatlarida 5-6 nafardan sovrindor chiqmoqda, xolos.

6 ta oliy sport mahorati maktabi, 32 ta olimpiya sport federatsiyasi olimpiya zaxiralari kollejlari bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygan.

Kollejlardagi 9 mingga yaqin sportchilarning 21 foizi milliy terma jamoaga kira olgan, xolos.

«Vaholanki, milliy terma jamoa tarkibini aynan shu kollejlardan chiqqan sportchilar tashkil etishi kerak emasmi? Bu masala qaysi viloyat hokimini qiynayapti?

Birorta viloyat, tuman yoki shahar hokimi sportning barcha turlari bo‘yicha tizimli ishlashni yo‘lga qo‘ya olgani yo‘q», dedi prezident.

Sidney va Rio Olimpiadalarida shuhrat qozongan Andijon, Buxoro va Farg‘ona boks maktablari bugungi kunga kelib natija ko‘rsatmay qo‘ygani ta’kidlandi.

O‘tgan yili 352 ta respublika musobaqasi o‘tkazilgan bo‘lsa-da, birorta hududda tuman bosqichi, 158 tasida esa viloyat bosqichi tashkil etilmagan.

«Sport vazirligini yangidan tashkil etib, vazir va o‘rinbosarlariga aniq vazifalarni qo‘yganman. 

Endi sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi», dedi prezident.

Eng avvalo, yoshlarni bolalikdanoq sportga jalb qilish va iqtidorli sportchilarni tayyorlash borasidagi yondashuvlar o‘zgartiriladi.

Yangi tizim Buxoro viloyati misolida tushuntirildi. Jumladan:

  • har bir mahallada ikkita mavsumda (aprel-iyun, sentabr-dekabr) musobaqalar tashkil etilib, yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar sport bo‘limi va yoshlar yetakchisi tomonidan elektron ro‘yxatga kiritiladi; 
  • bu yoshlar viloyatdagi 19 ta sport maktabining maxsus guruhlarida (8 oygacha) murabbiylar bilan bepul shug‘ullanadi;
  • maxsus guruhlardagi professional sportga salohiyati bor yoshlar yo‘nalishiga ko‘ra viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabga qabul qilinadi (suzish, yakkakurash, o‘yin turlari va yengil atletika, badiiy gimnastika);
  • sport maktabi trenerlarining ish haqi 35 foizga oshiriladi. Bundan tashqari, yaxshi natija ko‘rsatgan maktab direktorlari, trenerlar va boshqa mutaxassislarga qo‘shimcha 50 foizgacha ustama to‘lanadi;
  • jamoaviy sport turlari bo‘yicha hududiy chempionatlarda sportchilari g‘olib bo‘lgan trenerlarga 5 foiz, respublika chempionatida – 20 foiz ustama beriladi;
  • viloyatdagi sport maktablari ixtisosligiga qarab olimpiya sport turlari bo‘yicha bazaga aylantiriladi.

Mavzuga oid