Iqtisodiyot | 21:51 / 24.05.2022
25452
5 daqiqa o‘qiladi

13 yillik tanaffusdan so‘ng: C&A bilan aloqalar qayta tiklanmoqda

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Germaniyaning Dyusseldorf shahrida Yevropaning C&A kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Muzokaralarda ushbu yirik kompaniyaning brend-do‘konlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, mamlakatimizdagi tikuv korxonalarini “C&A” ishlab chiqarish zanjiriga bog‘lash masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: TextilWirschaft

O‘zbekiston paxtasiga joriy qilingan cheklovlar butunlay olib tashlanishi hamda GSP+ benefitsiar maqomini olgani munosabati bilan mamlakatimizning 6200 turdagi mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi davlatlariga olib kirishda ko‘plab yengilliklar taqdim etilib, ular bilan hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda.

Savdo-sanoat palatasi vakillari ham tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, milliy mahsulotlarni jahon bozorida o‘z xaridorini topishga ko‘maklashish maqsadida, 16-18 may kunlari Germaniya Federativ Respublikasida ishchi tashrif bilan bo‘lishdi.

Xususan, 16 may kuni O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov bosh qarorgohi Germaniyaning Dyusseldorf shahrida joylashgan Yevropaning yirik C&A kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun: Ushbu yirik kompaniya Snek shahrida aka-uka Klemens va Avgust Brenninkmeyerlar tomonidan 1841 yilda Niderlandiya to‘qimachilik kompaniyasi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, ularning bosh harflari bilan atalgan.

1910 yilga kelib Niderlandiyada ushbu kompaniyaning o‘nta do‘kon etdi. C&A – Niderlandiyaning yirik brendlar sotuvchi kompaniyasi bo‘lib, Yevropa bosh qarorgohi Vilvurd (Belgiya) va Dyusseldorf (Germaniya) shaharlarida joylashgan. C&A brendlari orasida Angelo Litrico, Avanti, Canda, Clockhouse, Here+There, Palomino, Rodeo (chang‘i va snoubord kiyimlari), Westbury, Yessica, Yessica Pure va Your Sixth Sense kabilarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Yevropaning 18 davlatida 1200 dan ortiq filiallari va 25 000 dan ortiq xodimlari bilan C&A Yevropadagi yetakchi moda sotuvchilardan biri hisoblanadi. C&A Yevropadagi do‘konlarida har kuni ikki milliondan ortiq tashrif buyuruvchilarni qabul qiladi.

Uchrashuvda germaniyalik hamkorlar tomonidan kompaniya to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Unga ko‘ra, C&A kompaniyasining bir yillik daromadi 5 mlrd. yevroni tashkil etsa, undan asosiy qismi to‘qimachilik maxsulotlarini o‘z ichiga qamrab oladi.

Ta’kidlanishicha, “C&A” umumiy buyurtmalarining qariyb yarmi Bangladesh mamlakatiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Turkiya, Pokiston, Xitoy, Kambodja, Hindiston va boshqa mamlakatlarda “C&A” buyurtma asosida o‘z mahsulotlarini ishlab chiqaradi.

Kompaniyaning barcha mahsulotlarinig qariyb 60% paxta va qolgan qismi turli xildagi sun’iy tolalardan tayyorlanadi. “C&A” sotuvlarining asosiy qismi Germaniya va YeI bozoriga to‘g‘ri keladi. Shuni alohida ta’kidash zarurki, pandemiya sharoitida onlayn-sotuvlar oxirigi 2 yil davomida bir necha bor o‘sib, umumiy savdolarning 10%ni tashkil qildi.

Uchrashuv davomida ushbu kompaniya brend-do‘konlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, mamlakatimizdagi tikuv korxonalarini “C&A” kompaniyasi ishlab chiqarish zanjiriga bog‘lash masalalari ko‘rib chiqildi.

“C&A” vakillari fikricha, ular buyurtma beradigan hamkor korxonalarda ishchi-xodimlarning mehnat huquqlari kafolatlanishi, korxonalarda ishchilar havfsizligi ta’minlanganlishi, ular uchun zarur holatda tibbiy xizmatning yo‘lga qo‘yilganligi, xodimlar oylik maoshini o‘z vaqtida olishi kabi shartlar bajarilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va ekologich tozaligiga alohida urg‘u beriladi.

Mahalliy tikuv korxonalarimizni “C&A” kompaniyasi talablariga javob beradigan darajaga olib chiqish bo‘yicha ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va nemis kompaniyasi o‘rtasida kelgusidagi hamkorlik rejalar belgilab olindi.

Shuni aloxida ta’kidlash lozim, kompaniya mutaxassislarni jalb qilgan holda 2021 yil sentabr oyidan buyon O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlari, bu boradagi tartib va qonunchilikni o‘rganib borayotganligi qayd qilindi. Bunga sabab, mamlakatimiz Rahbariyati tomonidan so‘ngi yillarda paxta yetishtirish va uni qayta ishlash sohasida amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar natijasi ekanligi ma’lum qilindi.

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati (T)

Mavzuga oid