O‘zbekiston | 12:03 / 26.05.2022
10958
3 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha fuqarolardan taklif yig‘ish boshlandi

O‘zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirish jarayonida fuqarolardan Meningkonstitutsiyam.uz portali, Telegram-bot va koll-markaz orqali takliflar yig‘iladi. Portalda yagona ID tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tiladi. Bildirilgan takliflar moderator ma’qullaganidan keyin e’lon qilinadi.

"Mening konstitutsiyam" platformasi

O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati yangiliklari va fuqarolardan taklif qabul qilish platformasi – meningkonstitutsiyam.uz portali ishga tushirildi.

Portalda Konstitutsiyani takomillashtirish bo‘yicha taklif qoldirish mumkin. Buning uchun portalga elektron hukumatning yagona avtorizatsiya tizimi – id.egov.uz orqali kirish zarur bo‘ladi.

Yuborilgan taklif portalda e’lon qilinishi uchun tizim moderatori – Ishchi guruh tomonidan ekspertizadan o‘tishi kerak. Saytning “Tez-tez beriladigan savollar” qismida takliflar qancha muddatda e’lon qilinishi haqidagi savolga javob berilmagan.

"Mening konstitutsiyam" portalidan skrinshot

Qayd etilishicha, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha O‘zbekistonning 18 yoshga to‘lgan barcha fuqarolari, yashash joyidan qat’i nazar, taklif berishi mumkin. Bir fuqaro bir nechta taklif yuborish imkoniyatiga ega.

Portaldan foydalanish imkoniyati bo‘lmaganda takliflarni Telegram'dagi “meningkonstitutsiyam_bot” boti orqali yo‘llash mumkin. Shuningdek, 1344 raqamiga telefon qilish orqali ham taklif qoldirish mumkinligi qayd etilgan (Kun.uz koll-markazga qo‘ng‘iroq qildi – u hozirda ishlamayapti). Telegram-bot va koll-markaz orqali yuborilgan takliflar portalda e’lon qilinmaydi, lekin takliflar statistikasiga qo‘shiladi.

Quyidagi takliflar inobatga olinmaydi va ko‘rib chiqilmaydi:

  • Konstitutsion ishchi guruhi vakolatlariga kirmaydigan;
  • shaxsiy ehtiyoj yoki shikoyatdan iborat bo‘lgan;
  • tuhmat yoki bo‘htondan iborat bo‘lgan;
  • jamoat tartibini, aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlashga doir favqulodda va shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risidagi;
  • O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini o‘zgartirish to‘g‘risidagi;
  • mavjud konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vatlar;
  • jamiyatning axloqiy qadriyatlariga putur yetkazadigan, fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini poymol qiladigan;
  • urush, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qilish, elatlararo, irqiy, diniy adovat, ekstremizm, separatizm va fundamentalizmni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi;
  • terrorchilik harakatlarini sodir etishga, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq jinoiy va o‘zga javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishga da’vat qilish to‘g‘risidagi.

Mavzuga oid