O‘zbekiston | 17:54 / 27.05.2022
13690
3 daqiqa o‘qiladi

Dilmurod Parpiyev va Tohir Sharipov “Trastbank”dagi ulushini oshirdi

Tadbirkorlar Dilmurod Parpiyev va Tohir Sharipov “Trastbank” aksiyalaridagi umumiy ulushini 23,2 foizga yetkazdi. Bu ikki hamkorlar Food City savdo majmuasi, Procab, Alutex, Inco-Construction, Inco Invest, Furnir kabi bir qator boshqa kompaniyalarning ham birgalikdagi ta’sischilaridir.

Foto: Trastbank

23 may kuni tadbirkorlar Dilmurod Parpiyev va Tohir Sharipov “Trastbank”dagi ulushlarini oshirib, ularning har biri 8,3 foizdan qo‘shimcha bank aksiyalarini xarid qildi. Bu haqda “Toshkent” respublika fond birjasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, birjadan tashqari tuzilgan bitim qiymati 231,5 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Hozirda Dilmurod Parpiyev 130 396 509 dona, Tohir Sharipov esa 130 396 507 dona aksiyaga egalik qilmoqda. Ularning “Trastbank” aksiyalaridagi umumiy ulushi esa 23,27 foizga yetgan.

Bank hisobotida qayd etilishicha, 2021 yilda bankning sof foydasi 44,3 foizga oshib, 433,8 mlrd so‘mga yetgan.

Dilmurod Botirovich Parpiyev Davlat soliq qo‘mitasining sobiq raisi, sobiq mahalla vaziri Botir Parpiyevning o‘g‘li bo‘lishi mumkin. Internetdagi qator manbalarda Botir Parpiyevning Dilmurod ismli to‘ng‘ich o‘g‘li borligi ko‘rsatilgan.

Gazeta.uz'ning yozishicha, Dilmurod Parpiyev va Tohir Sharipov “Trastbank”ning yirik aksiyadorlari bo‘lish bilan bir qatorda, boshqa bir qancha loyihalarda ham katta ulushga ega. Xususan, Procab kabel va sim mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonaning ham 52,2 foiz ulushiga ushbu ikki tadbirkor egalik qiladi.

Shuningdek, Procab (60,7 foiz) va “Trastbank”ning Trast Leasing kompaniyasi (26 foiz) poytaxtning Qo‘yliq bozorini ko‘chirish rejalashtirilgan Food City Tashkent savdo majmuasi ta’sischilari sifatida ham qayd etilgan.

Bundan tashqari, Dilmurod Parpiyev va Tohir Sharipov teng ulushlarda (har biri 50 foiz) Inco-Construction (Inco kompaniyalar guruhi), Pro Plast Group (qurilish plastmassa buyumlari ishlab chiqarish), Alutex (qurilish metall konstruksiyalari va buyumlari ishlab chiqarish), Inco Invest (noturar joy ijarasi va boshqaruvi), Furnir (qurilish metall konstruksiyalari va buyumlari ishlab chiqarish) va Presystem Universal (qurilish metall konstruksiyalari va buyumlari ishlab chiqarish) korxonalariga, har biri 40 foiz ulushdan Mega Trade Communication (turar joy bo‘lmagan binolarni ijaraga olish va boshqarish) va Garden View (turar joy bo‘lmagan binolarni ijaraga olish va boshqarish) kompaniyalariga egalik qilishadi. 

Mavzuga oid