Jahon | 14:54 / 07.06.2022
55351
12 daqiqa o‘qiladi

Boshi uchun eng katta pul tikilganlar

Bin Lodin, Pablo Eskobar, Xoakin Gusman, Ayman az-Zavohiriy, Abu Bakr Al-Bag‘dodiy... Insoniyat yovuzlikka, ayniqsa xalqaro jinoyatchilikka kurashda turli usullarni qo‘llaydi. Bu jarayonda aniq ma’lumot olish juda muhim va davlatlar qidiruvdagi shaxslar haqida ishonchli xabar berganlar uchun juda katta pullar va’da qilishadi. Hozircha rekord – 50 mln dollar.

Fotokollaj: Kun.uz

Zamonaviy dunyoda bu masalada faqat ma’lumot uchun pul to‘lansa, bir necha asrlar avval qator davlatlar, jumladan AQShda jinoyatchining tirigi yoki o‘ligi uchun mukofot tayinlash urfga kirgandi. Natijada qidiruvdagilarni tutib pul ishlashni kasb qilib olgan odamlar guruhi paydo bo‘lgan, bu haqda asarlar yozilgan, kinolar ishlangan.

Ammo bugungi kunda adolat qilichi oddiy insonlar qo‘liga o‘tishi nafaqat xavfli, balki qonunlar bilan taqiqlangan. Shunga qaramay, jinoyatchilar haqida aniq ma’lumot uchun katta mukofot berish tizimi keng qo‘llanadi. Quyida boshi uchun eng katta pul taklif qilingan jinoyatchilarning eng mashhurlarini sanab o‘tamiz.

Xoakin Gusman, narkobaron, $5 mln + $3,8 mln

OrsXYeOKMzfFL2c-J1rUZzmHuy1FlBhO.jpg (1200×821)
Foto: AP Photo / Rebecca Blackwell

Meksikalik narkobaron, butun dunyoga dovruq taratgan “Sinaloa” narkokarteli yetakchisi Xoakin Gusmanni juda ko‘p davlatlar maxsus xizmatlari, ayniqsa AQSh FQB zo‘r berib izladi. Amerika hukumati El Chapo (Mittivoy) laqabli milliarderning boshi uchun 5 mln dollar va’da qildi. Lekin shohona yashash bilan birga xavfsizligi uchun pulni ayamaydigan Gusmanni tutish uzoq vaqt ilojsizligicha qoldi.

1993 yilda u qo‘lga olindi va 20 yilga hukm qilindi. Ammo 2001 yilda qochishga muvaffaq bo‘ldi. Shundan keyin AQSh va’da qilgan 5 mln bilan birga, Meksika hukumati ham 60 mln peso (3,8 mln dollar) mukofot tayinladi.

2014 yilda u yana qo‘lga olindi va qamoqqa tiqildi. Bunda kimdir mukofotni olgan-olmagani noma’lum. Biroq kartel o‘z ishini davom ettirdi. Qamoqqa tushganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, 2015 yilda Mittivoy yana qochishga muvaffaq bo‘ldi va butun dunyoni hayratda qoldirdi. Chunki u eng qattiq qo‘riqlanuvchi turmaning ichigacha o‘yib kirib borilgan, chuqurligi 20 metr, uzunligi 1,5 km.lik lahmdan mototsikl minib qochib ketgandi.

2016 yilda yana qo‘lga olingan El Chapo 2017 yilda AQShga ekstraditsiya qilindi va afv so‘rash huquqisiz butun umrga qamaldi. 12 mlrd dollarlik mol-mulki musodara qilindi. Gusmanning qamalishi ortidan Meksikada to‘dalar urushi boshlanib ketdi va Sinaloa shtatining o‘zida bir necha oy ichida 764 ta qotillik qayd etildi.

Ma’lumot uchun: Xoakin Gusman dunyoning eng ta’sir doirasi keng kishilar orasida 41-o‘rinni, Meksikada Karlos Slimdan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. 2015 yilda u narkotiklarni yo‘q qilgani uchun IShID yetakchisi Abu Bakr Al Bag‘dodiyni o‘ldirish bilan tahdid qilgan. U Usoma bin Lodin o‘ldirilganidan keyin eng ko‘p qidiriluvchi shaxs maqomini olgan. Ta’sir doirasi va pullari bo‘yicha eng mashhur narkobaron Pablo Eskobarni ortda qoldirgan.

Ayman az-Zavohiriy, xalqaro terrorchi, $25 mln

112140.jpg (700×394)

“Al-Qoida” deganda ko‘pchilik ko‘z o‘ngiga Usoma bin Lodin keladi. Ammo bunday yirik tashkilotlar bir kishi tomonidan boshqarilmasligi, g‘oyaviy va tashkiliy jihatdan bir necha yetakchi shaxs zarurligi ma’lum. Ayman az-Zavohiriy uzoq vaqt bin Lodinning soyasida qolgan bo‘lsa-da, bu harakatning haqiqiy yetakchilaridan biri, asosiy maslahatchisi va Usomaning shaxsiy shifokori bo‘lib kelgan.

Shifokorligi ko‘pchilikka yangilik bo‘lishi mumkin, ammo Zavohiriy Qohirada haqiqiy ziyolilar oilasida tug‘ilgan, otasi Pokistonda elchi edi. O‘zi ham tibbiyot institutini tugallab, jarroh maqomini olgandi. Ammo u radikalizmga berildi va Sudan, Afg‘oniston, Rossiya kabi davlatlarda fundamentalizm g‘oyalarini ilgari surdi. Mujohidlar safida turli kuchlarga qarshi kurashdi va oxir-oqibat qidiruvdagi shaxslardan biriga aylandi.

Haqiqiy mashhurlik unga 2001 yilda, AQShda uyushtirilgan teraktlar, jumladan, Nyu-Yorkdagi egizak binolarning portlatilishi ortidan keldi. O‘sha paytdayoq bu harakatlar ortidagilar ro‘yxatiga Zavohiriy ham tushgan va u faol qidirila boshlangandi. 2011 yilda Usoma bin Lodin yo‘q qilinganidan keyin Zavohiriy “Al-Qoida”ning haqiqiy yetakchisiga aylandi.

Garchi bugungi kunga kelib tashkilotning mavqeyi ancha pasaygan, ko‘p joylardan siqib chiqarilgan bo‘lsa-da, Ayman az-Zavohiriy hanuz tutilgani yoki o‘ldirilgani yo‘q. Uning boshi uchun tikilgan 25 mln dollar ham egasiz qolmoqda. U – bugungi ro‘yxatdagi tutilmagan yoki yo‘q qilinmagan yagona jinoyatchi.

Abu Bakr al-Bag‘dodiy, xalqaro terrorchi, $25 mln

qua5CDG6bM0cMVuq1YE-7Iexx24cvPWz.jpg (680×381)
Foto: Militant video

IShID yetakchisi, ma’lum muddat o‘zi e’lon qilgan davlatda o‘zini xalifa deb e’lon qilgan. 2011 yilda AQSh Davlat departamenti u haqdagi ishonchli ma’lumot uchun 10 mln dollar va’da qilgan bo‘lsa, 2017 yilga kelib bu raqam 25 mln dollarga ko‘tarildi. U tashkil qilgan va boshqargan Iroq va Shom Islom davlati qisqa muddat yashagan bo‘lsa-da, shafqatsizlik va boshboshdoqlik maskani sifatida tarixda qoldi.

Al-Bag‘dodiy tomonidan 2004-2014 yillarda Iroq va Suriya hududida boshqarilgan harakat dastlab “Al-Qoida”ning bir qismi sifatida ko‘rilgan. Ammo tashkilot ichidagi ziddiyatlar tufayli al-Bag‘dodiy o‘z harakatiga asos soladi va keyinchalik “Al-Qoida”ning o‘zi bilan ham ochiq urushgacha boradi.

2014 yilda IShID jiddiy muvaffaqiyatga erishadi va Iroqning yirik Mosul shahrini egallaydi. Iroq, Suriya va Liviya kabi davlatlarning asosan cho‘l hududlarini egallagan harakat nomi “Islom davlati” deb o‘zgartiriladi. “Xalifa Ibrohim” nomi bilan uning boshqaruvida bo‘lgan al-Bag‘dodiy eng jiddiy qidiruvdagi shaxslardan biriga aylandi.

Uning o‘limi haqida ko‘plab xabarlar chiqqan. 2019 yilda AQSh maxsus kuchlari ta’qibidan qochgan Bag‘dodiy o‘zini va bolalarini portlatib yuborgan.

Pablo Eskobar, narkobaron-terrorchi, aniq summa belgilanmagan, $2,7 mlndan $100 mlngacha

Foto: Wikipedia

Dunyo narkosavdosining 80 foizi bir shaxs tomonidan nazorat qilinishini tasavvur qilish qiyin. Ammo Kolumbiyaning Medelin narkokarteli yetakchisi Pablo Eskobar 1980 yillarga kelib aynan shunday natijaga erishgandi.

Eskobar o‘zining qisqa umri davomida mamlakat qahramoni va birinchi raqamli jinoyatchisiga, eng ko‘p qidirilgan hamda juda ko‘pchilik unga qarshi qasdlashgan shaxsga aylandi. Butun Kolumbiya bo‘ylab qasrlar va pinhona maskanlar qurib tashlagan Pablo Eskobar hukumatning barcha qatlamlaridan odamlar sotib olgan, unga qarshi har qanday harakat haqida ma’lumot olib turar hamda shunga qarab o‘z joyini tezkor o‘zgartirardi. Bundan tashqari, u kambag‘allarga tinimsiz pul tarqatib, obro‘ga erishgan, har qanday xavf haqida odamlarning o‘zi unga xabar berishardi.

Kolumbiya uni tutish va AQShga topshirish haqida hujjat imzolaganini eshitgan Eskobar quturib ketadi hamda minglab odamlarni qurollantirib, hukumatga xizmat qiluvchilarni birma-bir o‘ldira boshlaydi. Bu uning nafaqat narkobaron, balki terrorchi sifatida ham nom qozonishiga sabab bo‘ladi. O‘limlar soni ko‘payib, vaziyat shu darajada chigallashib ketadiki, hukumat narkobaron bilan murosaga kelishga majbur bo‘ladi. Kelishuvga muvofiq, u ma’lum ayblovlarni tan oladi va o‘zi qurgan “La Katedral” qamoqxonasiga yo‘l oladi. Ammo bu joyni qamoqxona deb bo‘lmas, Eskobar istagan odamini chaqirishi, tantanalar, konsertlar uyushtirishi, istaganda chiqib kelishi va eng muhimi shohona yashashi mumkin bo‘lgan qasr edi.

Bu yerda u o‘z narkoimperiyasini to‘la nazorat qilar, milliardlab pullar oqib kelishda davom etardi. O‘sha paytlardayoq uning boyligi 30 mlrd AQSh dollariga yetgani hisoblab chiqilgan. “La Katedral” qamoqxonasiga aybdorlarni olib kelib, qattiq qiynab o‘ldirgani haqidagi xabar hukumatni tashvishga soladi va Eskobarni haqiqiy qamoqxonaga o‘tkazishga qaror qilishadi. Pablo qochib qoladi va butun mamlakat bo‘ylab portlashlarni amalga oshiradi.

Ayniqsa, uning bolalar bilan to‘la maydonni va yo‘lovchilar samolyotini portlatishi ko‘pchilikning g‘azabini qo‘zg‘atadi, ishongan odamlari ham undan yuz o‘giradi. Uning dushmanlari shu qadar ko‘payib ketadiki, Eskobarni tutish va o‘ldirish bo‘yicha maxsus rasmiy va norasmiy guruhlar tuziladi.

1993 yilning 2 dekabrida Eskobar yashirinib yurgan joy aniqlanib o‘rab olinadi. O‘zi va qo‘riqchilari qarshilik ko‘rsatishlariga qaramay, Eskobar otib tashlanadi. Politsiyachilar va maxsus kuchlarning Eskobar jasadi atrofida tushgan suratlari mashhur bo‘lib ketgan.

Usoma bin Lodin, xalqaro terrorchi, $50 mln va rekord

Foto: AP

Usoma bin Lodinning nomiyoq terrorchilik ramziga aylandi. Ko‘p jihatdan u tufayli 20 yil davom etgan urush boshlandi, bin Lodin uyushtirgan teraktlar butun dunyo afkor ommasini larzaga soldi.

Bin Lodinning qayerdaligi haqidagi asosli ma’lumot evaziga 25 million dollar va’da qilindi va keyinchalik AQSh Senati bu mablag‘ miqdorini 50 millionga qadar ko‘tarishni yoqlab ovoz berdi. Ammo juda ko‘p operatsiyalarga qaramay, birinchi raqamli terrorchi omon qolaverdi.

1979 yilda SSSR qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirishi ortidan o‘z hayotiy prinsiplarini o‘zgartirgan Usoma o‘zini mujohid deb e’lon qiladi hamda bor mablag‘i va kuchini dushmanlarga qarshi kurashga sarflaydi. SSSR biror natijaga erishmay Afg‘onistonni tark etganidan keyin u asosiy dushman sifatida AQShni ko‘ra boshlaydi va uning Keniya hamda Tanzaniyadagi elchixonalarida portlashlar uyushtiradi. Portlashlar va butun dunyodagi terroristik tashkilotlarni moliyalashtirishni davom ettirarkan, u jahonni larzaga keltirgan harakat – 11 sentabr teraktlarini amalga oshiradi.

AQShning uch prezidenti unga qarshi kurashdi: Klinton davrida boshlangan bin Lodin qidiruvi Bush davrida urush va haqiqiy ovga aylanadi hamda Obama prezidentligidagina yakuniga yetadi. 2011 yil 2 mayida “Neptun nayzasi” nomi bilan o‘tkazilgan operatsiya chog‘ida nihoyat Usoma bin Lodin o‘ldirildi.

Zamonaviy dunyoda nafaqat terrorchi va narkobaronlar, balki kiberjinoyatchilar, qurol savdosining yirik vakillari, sintetik narkotiklar ishlab chiqaruvchilar ham faol qidirilmoqda hamda ular haqida ma’lumot uchun katta mukofotlar taklif qilinmoqda.

Abror Zohidov

Mavzuga oid