O‘zbekiston | 07:09 / 14.06.2022
13607
2 daqiqa o‘qiladi

Kichik tadbirkorlarga moliyaviy yordamlar ko‘rsatilishi belgilandi

“Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

“Huquqiy axborot” kanali xabariga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kichik tadbirkorlar loyihalariga banklar 5 mlrd so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasi 1,5 baravaridan oshmagan kredit va lizinglari bo‘yicha asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavka 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun 3 yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi.

Jamg‘arma tomonidan tijorat banklari kreditlariga kafillik:

  • kichik tadbirkorlik sub’yektlari loyihalariga ajratiladigan kreditlar 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • 2025 yil 1 yanvargacha olis va borish qiyin bo‘lgan, mehnat resurslari ortiqcha hududlardagi kooperatsiya asosida kichik biznesni va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish uchun mahallalarga biriktirilgan yetakchi kichik tadbirkorlik sub’yektlariga, kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarga ajratiladigan kreditlar 75 foizigacha (75 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda taqdim etiladi.

Jamg‘arma tomonidan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga kompensatsiya va kafillik banklar faqat milliy valutadagi kredit va lizinglari uchun beriladi.

Moliyaviy yordamlar bitta tadbirkor faqat bitta loyihasiga tatbiq etiladi hamda tadbirkor shartnoma amal qilgan kredit bo‘yicha qarzdorlik to‘liq qaytarilganda, moliyaviy yordam olish uchun jamg‘armaga takroran murojaat qilishga haqli bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid