O‘zbekiston | 21:00 / 14.06.2022
9818
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Faol fuqarolar haftaligi o‘tkazilmoqda

5 kun, 18 ta shahar, 30 dan ortiq turli formatdagi tadbirlar, 3 000 dan ziyod ishtirokchilar.

13 iyun kuni Toshkentda Faol fuqarolar haftaligi ish boshladi. Haftalik besh kun mobaynida uch mingdan ziyod ishtirokchilar — nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va tashkilotlar, mahalliy boshqaruv organlari, ekspertlar, faol fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillarini bitta muloqot maydoniga jamlaydi.

Maqsad — 2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish.

Faol fuqarolar haftaligi doirasida forum, konferensiya, davra suhbati, munozara, telemuhokama, trening, marafon shaklidagi 30 dan ziyod tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, “Jamoatchilik ishtirokining innovatsion usullari” forumi, “Yashil” iqtisodiyot va innovatsiyalar – barqaror rivojlanish drayveri” mavzusida ekologik forum, “Oramizdagi qahramonlar” loyihasi doirasida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Faol fuqarolar haftaligini o‘tkazish zarurati nimada? Ekspertlarning e’tiroficha, O‘zbekistonning siyosiy qiyofasi yangilanishi bilan birga, odamlarning ham, fuqarolik jamiyatining ham dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Bugun islohotlar samaradorligini oshirishda, taraqqiyot dasturlarini hayotga tatbiq qilishda va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari katta salohiyatga ega.

Fuqarolik jamiyati institutlari, birinchi navbatda, fuqarolarning turli toifalari manfaatlarini ifodalaydi, shu boisdan turli darajadagi muhim qarorlarni qabul qilish jarayonlarini qamrab olishga yordam beradi.

Ikkinchidan, ular jamoatchilik nazoratining sub’yektlari sifatida davlat sektorida shaffoflikni hamda davlat dasturlari va loyihalarini amalga oshirishda muvozanat tizimini ta’minlaydi.

Uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari hududlarning o‘ziga xosligi va aholining salohiyatini inobatga olgan holda dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha innovatsion g‘oyalar va amaliyotlarni taklif etishi mumkin.

Muhim qarorlar ishlab chiqish va qabul qilishda fuqarolarni jalb qilish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan demokratik islohotlar – biz uchun yagona to‘g‘ri yo‘ldir, jamiyatning o‘zi esa mamlakatdagi islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisidir, degan tamoyilning tasdig‘idir.

Keyingi yillarda bu borada katta ishlar amalga oshirildi. Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish mexanizmlari maqsadli takomillashtirilib, kafolatlar mustahkamlanib, joylardagi infratuzilma takomillashtirilmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati sohasidagi qonunchilikni sezilarli darajada liberallashtirish boshlandi.

Jumladan, boj stavkalari pasaytirildi:

  • Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish – 5 baravarga;
  • ramzlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish — 2,5 baravarga;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatga olish – davlat bojining 50 foizigacha.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati ikki oydan bir oyga qisqartirildi.

Agar 2017 yilda adliya organlari tomonidan atigi 60 ta nodavlat notijorat tashkiloti ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 448 taga yetdi, ya’ni 7,5 barobarga ko‘paydi. Umuman, so‘nggi 5 yilda

1 031 ta yangi nodavlat notijorat tashkiloti ro‘yxatga olindi.

Jamoat tashkilotlari tashabbuslarini moliyalashtirishda ham jadal o‘sish kuzatilmoqda. Birgina 2021 yilda ushbu maqsadlar uchun 75,8 milliard so‘m yo‘naltirilgan, bu 2017 yilga nisbatan 6,5 barobar ko‘pdir. 2017— 2021 yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarini moliyalashtirishga 172 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Shuningdek, hududiy davlat organlari huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari tashkil etildi. 2019 yildan boshlab ularga faoliyatini kelgusida ham davom ettirishlari uchun mahalliy budjetlardan mablag‘lar ajratilmoqda.

Nodavlat notijorat tashkilotlariga adliya organlariga tegishli barcha xizmatlarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyatini beruvchi e-ngo.uz portali ishga tushirildi. Har bir viloyat markazida fuqarolik jamiyati institutlari bepul joylashtiriladigan Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari tashkil etildi.

O‘tgan yili 2021—2025 yillarda Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinishi mamlakatimiz fuqrolik jamiyatini yanada rivojlantirish, ijtimoiy institutlar rolini kuchaytirishga intilayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Konsepsiyada 2025 yilgacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar va maqsadlar, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar ko‘rinishida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmini 2021 yilda kamida 1,2 barobar, 2025 yilda esa 1,8 barobar oshirish belgilab berildi.

Fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyat yuritishi uchun shart-sharoit va imkoniyatlarni yanada kengaytirish kutilmoqda. Buni davlat rahbarining 2021 yil Konstitutsiya kuni arafasida belgilab bergan vazifalari ham tasdiqlaydi.

Bugun O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni boshlandi. Buning zamirida shaxs, uning huquqlari va qonuniy manfaatlari yotadi. Ilgari amalda bo‘lgan “davlat – jamiyat – shaxs” tamoyilini yangi “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga almashtirish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini aks ettiruvchi fuqarolik jamiyati institutlarining roli va mavqeini Bosh Qomusimizda mustahkamlab qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Faol fuqarolar haftaligi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida hamda mamlakatdagi konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida transformatsiya jarayonlarining barcha ishtirokchilari o‘rtasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqish uchun konstruktiv muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

«Faol fuqarolar haftaligi “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan Oliy Majlis Senati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi, Adliya vazirligi bilan hamkorlikda hamda AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), K.Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va qator hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilmoqda», deyiladi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid