Jahon | 08:36 / 15.06.2022
10835
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda Rossiyada kambag‘allik darajasi keskin oshdi 

Bugungi kunda, Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, har yettinchi rossiyalik qashshoqlik chegarasidan past darajada yashayapti. Bu o‘tgan yil oxiriga nisbatan bir yarim barobar ko‘pdir.

14 iyun, seshanba kuni e’lon qilingan Federal davlat statistika xizmati (Rosstat) hisobotiga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida kambag‘allik chegarasidan past daromad oladigan rossiyaliklar soni 20,9 million kishini tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil oxiriga nisbatan deyarli 69 foizga ko‘pdir, o‘shanda Rosstat qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydigan 12,4 million kishi haqida ma’lumot bergan. 2020 yil holatiga ko‘ra, Rossiya aholisi 144,1 million kishini tashkil etdi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, qashshoqlik chegarasi joriy yilning dastlabki uch oyida 2021 yil oxirgi choragidagi 12 269 rublga nisbatan 12 916 rublni tashkil qildi. Rossiya aholisining 14,3 foizi ushbu belgidan past daromadga ega edi. Rosstatning ta’kidlashicha, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan Rossiyada kambag‘allar soni atigi 0,1 foizga, ya’ni 0,1 million kishiga oshgan. Shu bilan birga, federal xizmat kambag‘allarning oldingi davrga nisbatan keskin o‘sishi sababini tushuntirmadi. 

Rosstat hisobotida aytilishicha, qashshoqlik darajasi oshishining asosiy sababi inflatsiyaning 11,54 foizgacha tezlashishi bo‘lib, bu aholi jon boshiga o‘rtacha nominal pul daromadlarining o‘sishidan oshib ketdi. Birinchi chorakda bu ko‘rsatkich 36 234 rublni tashkil etdi - 2021 yilning birinchi uch oyiga nisbatan 10,9 foizga ko‘p, lekin o‘tgan chorak darajasidan sezilarli darajada past - 47 694 rubl. Shunday qilib, pasayish 24 foizni tashkil etdi. 

2021 yilning so‘nggi choragida nominal hisoblangan ish haqi 62 828 rublni tashkil etdi va joriy yilning birinchi uch oyida u 4 foizdan ko‘proqqa kamayib, 60 101 rublga teng bo‘ldi, deyiladi Federal davlat statistika xizmati ma’lumotlarida. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid