O‘zbekiston | 18:05 / 22.06.2022
20194
8 daqiqa o‘qiladi

Payariqda fermerning burnini qonatishdan osoni yo‘q

O‘rmonning o‘z qonunlari bor – kuchli va yirik bo‘lsang, yeysan, yanchib tashlaysan. Ojizlar kimgayam borardi, o‘rmonning kattasiga, u yana ssenariyni takrorlaydi, xolos. Ojizlarning ustidan kuladi, arzini eshitmaydi. Xuddi Payariqda bo‘layotgani kabi.

Negadir “o‘rmon qonunlari” jamiyatimizda fermerlar bilan ko‘proq bog‘liqdek tuyuladi. Chunki ularning yerini tortib olish, optimizatsiya qilish, eksperimentlarni o‘tkazish, istalgan vaqtda qo‘shib yuborish mumkindek taassurot beradi kishiga. Ular qancha tobe bo‘lsa, shuncha ishlatish oson.

Navbatdagi “tajriba” Payariq tumanida qo‘llandi. Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida mazkur tumanda bo‘ldi.

Payariqlik bir guruh fermerlarning yeri 2019 yilda “SAMARKAND COTTON GLUSTER” MChJga olib beriladi. Shunday olib beriladiki, fermerlarning roziligisiz. Shunchaki, DePUTATLAR sessiyada “olib berilsin” degan vaqtda tasdiqlab yuborishadi. Tabiiyki, kengash raisi hokim va uning aytgani bo‘lmasligi mumkin emas.

Xullas, o‘sha sessiyada mahalliy deputatlarimiz yomon an’anani davom ettirishib, bir guruh fermerlarning yerini klasterga olib berishni “qonuniylashtirishadi”.

Biz bilan suhbatlashgan “Tog‘dagi lolazor” fermer xo‘jaligi raisi Akmal Berdiqulov 2019 yilda yeri hokimning tazyiqi bilan tortib olinganini ma’lum qildi.

“Biz hech qanday imzo qo‘yib yoki muhr urmadik, noroziligimizni bildirdik. Bizni birov eshitmadi, yerimiz klasterga olib berildi” deydi u.

Berdiqulovning aytishicha, yer amalda undan olib qo‘yilgach, oilaviy klasterning qo‘lida ishlashga majbur bo‘lgan. 6-7 oylik paxta mavsumida gektariga 50 ming so‘mdan haq to‘lanayotganini bildirdi.

Demak, mustaqil ishlab kelgan fermer yeri klasterning qo‘liga o‘tgach, oyiga 10 gektar paxta mehnati uchun 500 ming so‘mdan olib kelgan. 6 oyga 3 mln so‘m!

Tasavvur hosil qilish uchun aytish mumkin, “Tog‘dagi lolazor” fermer xo‘jaligi 2016 yilda paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnoma rejasini 100 foizga bajargan. 2017 yilda shartnoma reja 36,1 tonna etib belgilangan va fermer amalda 41,2 tonna, rejani 114 foizga bajargan. Yer klasterga olib berilishidan bir yil avval, 2018 yilda ushbu xo‘jalik 79,1 foizga rejani bajargan, xolos.

Payariq tumani hokimining 2010 yil 9 martdagi qarori bilan yer “Tog‘dagi lolazor” fermer xo‘jaligiga 49 yilga berilgan.

Sa’dulla Saidmurodov 2019 yilgacha “Madina mirishkor dalasi” fermer xo‘jaligini boshqarib kelganini aytmoqda. “Yerimizni klasterga olib berishgach, bir muddat ularning qo‘lida ham ishlab ko‘rdim. Qisqa vaqtda amin bo‘ldimki, klasterda ishlab oilani boqib bo‘lmas ekan. Eng yomoni, bizdan yerni klasterga olib berishgan bo‘lsa-da, yilma-yil soliq qarzdorligi ko‘payib, uyimizga qog‘oz boryapti. Qog‘ozda yer fermerlarniki, amalda klasterniki bo‘lib turibdi”, dedi Saidmurodov.

“Samad Tirkash dalasi” fermer xo‘jaligi raisi Nurbek Berdiqulov yer klasterga o‘tganidan so‘ng hosildorlik kamayib ketganini aytmoqda. Uning aytishicha, yerning meliorativ holati ham yomonlashgan. Berdiqulov uch aka-uka klasterda ishlab kelayotgani, joriy yilda g‘allaning mehnati uchun uch kishiga jami 1,5 mln so‘m haq olganini bildirdi. Ishchilar g‘allaning somonidangina umid qilib turganini ma’lum qildi.

Gulchehra Xolboyeva “Islomjon agro servis” fermer xo‘jaligini boshqarib kelgan. U 2019 yilda yer olib qo‘yilgandayoq Bosh prokuraturaga, quyidagi mas’ul idoralarga murojaat qilganini bildirdi. Unga “yer prezident qaroriga binoan olib qo‘yilgan” degan javob qaytarilgan, xolos. Ortiqcha izoh berilmagan. U fermer sifatida klaster bilan ishlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Umuman, barcha fermerlarda shu kabi holatga guvoh bo‘ldik. Ulardan yer qoidalarga zid tarzda olib qo‘yilgani va tegishli idoralarga murojaat qilinsa-da, o‘zgarish bo‘lmayotganini aytmoqda. Hududda ishsizlar soni ortgani, yerning meliorativ holati buzilayotgani, ariqlar qazilmay qolayotganini ma’lum qilishdi.

Fermerni himoya qiladigan tashkilot bor – O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi. Ushbu tashkilotning tuman bo‘limi rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Anvar Valiyevdan izoh oldik. Valiyev fermerlarning muammosidan shu paytga qadar bevosita xabardor bo‘lib kelgani, biroq rasman fermerlar Kun.uz muxbiri Payariqqa borgan kuni ariza bilan murojaat qilganini bildirdi. Vaziyatni o‘rganib, fermerlarga huquqi tiklanishi uchun harakat qilishini ma’lum qildi.

Payariq tuman xalq deputatlari tuman kengashi kotibiyat mudiri Jamshid Axunov ham vaziyatdan xabardorligini aytdi. Axunovning qo‘lida hozircha tumanning sobiq hokimi Dilshod Musinovning 2018 yil 25 yanvardagi qarori bor ekan. Ushbu qarorda klaster uchun tuman zaxirasidan jami 5862,4 gektar yer ajratilishi belgilangan. Qarorosti hujjatlari kotibiyatda mavjud emas. Axunov ushbu masalani viloyat kengashi muhokamasiga qo‘yish bo‘yicha taklif berilganini qo‘shimcha qildi.

Fermerlar murojaatiga Payariq tuman prokuraturasining ham javobi berilgan. Prokuratura javob xatida haqiqatan ham fermerlar roziligi olinmay, klasterga qo‘shib yuborilgani ma’lum qilingan.

Shundan so‘ng Payariq tuman hokimligining soha bo‘yicha mas’ullari hamda “SAMARKAND COTTON GLUSTER” MChJ rahbarlaridan ma’lumot olishga harakat qildik. O‘sha kuni ulardan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi. O‘tgan vaqt davomida tuman hokimining soha bo‘yicha o‘rinbosari Nurbek Ravshanov va klaster vakili Kun.uz ofisiga kelib, vaziyatni ochiqlashga urindi. Biroq bu urinish shunchaki, quruq gaplar bo‘lib, hujjatlar taqdim etilmadi, og‘zaki vajlarni tasvirga olishimizga rozilik bildirilmadi.

Payariq tumani hokimligiga fermerlar keltirgan vajlar bo‘yicha bizni qiziqtirgan savollarni ma’lum qilganmiz. Xususan:

  • Fermerlarning yeri qaysi asos bilan zaxiraga olingan, ularning roziligi so‘ralganmi, hujjatlarda aks etganmi?
  • Xalq deputatlari tuman kengashiga muhokamaga qo‘yilishidan avval maxsus ishchi guruh xulosa qilganmi, bu fermerlarga ma’lum bo‘lganmi?
  • Yer klasterga o‘tganidan so‘ng hosildorlik ortganmi yoki aksinchami?
  • Boringki, “ura-ur” qilib, ko‘r-ko‘rona fermerlardan 49 yillik shartnomani chiqitga chiqargan holda yer tortib olinganmi?

Biz yuqoridagi savollarni so‘radik, biroq o‘nlab qo‘ng‘iroq va so‘rovlar javobsiz qolmoqda. Mavzu “nozik” ekaniga ishora qilinyapti.

Xulosa o‘rnida. Hududlarda fermerlarga nisbatan “o‘rmon qonunlari”ni qo‘llash qachongacha davom etadi? Bunday eksperimentlarni qachongacha qishloq xo‘jaligiga qo‘llash mumkin? Fermer qachon tom ma’noda mustaqil bo‘lib, yerning egasiga aylanadi?

Bu haqda fermerga “egalik” da’vo qiluvchi o‘nlab tashkilotlar, kengashlar tezroq bosh qotirmas ekan, tizim o‘zgarmaydi. Biz yana ko‘p yillardan keyin ham fermerning hisob raqamida milliardlab mablag‘ aylanishi, ular haqiqiy tadbirkor kabi sohaga zamonaviy yondashishi, bozor talabini bajarishi, mamlakat iqtisodini ko‘tarishi haqidagi gaplarga ishonib qolaveramiz.

Kun.uz mavzuga yana qaytadi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid