O‘zbekiston | 20:49 / 04.07.2022
14172
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabartini qabul qildi

O‘zbekistonda islohotlar dasturi samaradorligini yanada oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni o‘zining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabartini qabul qildi.

Uchrashuvda 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlarni davom ettirish va natijadorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Maslahatchi Chakrabarti O‘zbekiston yetakchisi rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini, shu jumladan iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish, jamiyat hayotining barcha sohalarini transformatsiya qilish va raqamlashtirish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, kadrlarning yangi avlodini tayyorlash borasidagi o‘zgarishlarni yuksak baholadi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga O‘zbekistonda boshlangan hamda demokratik prinsiplar va huquqiy normalarga to‘la mos holda, konstitutsiyaviy qurilishning ilg‘or milliy va xalqaro tajribasi asosida amalga oshirilayotgan Konstitutsiya islohoti xizmat qilishi ta’kidlandi.  

Suma Chakrabarti bundan buyon ham yangi o‘sish nuqtalarini topish va ro‘yobga chiqarishda O‘zbekiston Hukumatiga ko‘maklashishga bor sa’y-harakatini yo‘naltirishga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Suma Chakrabarti O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi etib tayinlanishidan avval sakkiz yil davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid