O‘zbekiston | 10:22 / 06.07.2022
9582
2 daqiqa o‘qiladi

Senat 8 iyulda yalpi majlis o‘tkazadi

“Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, shuningdek soliqqa oid ikkita qonun ko‘rib chiqiladi.

Foto: Kun.uz

5 iyul kuni Oliy Majlis Senati Kengashi majlis qilib, yuqori palataning 28-yalpi majlisini 8 iyulga chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Yalpi majlis videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tadi va unda uchta qonun ko‘rib chiqiladi:

  • “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”;
  • “Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida”;
  • “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”.

Bundan tashqari, Davlat budjetining 2021 yil yakunlari hamda 2022 yil 1-chorakdagi ijrosi to‘g‘risidagi hukumat hisobotlarini eshitish rejalashtirilgan.

Shuningdek, senatorlar daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi obektlariga salbiy ta’siri yuzasidan hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlarini yuborish masalasini ko‘rib chiqadi.

Yalpi majlisda eksport hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati, shuningdek, homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari ham ko‘rib chiqiladi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid