Jahon | 19:15 / 06.07.2022
8410
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Turkiyadan ruslarning yana uchta kemasini tekshirishni so‘radi

Ukraina Bosh prokuraturasi Turkiyadan Rossiya bayrog‘i bilan suzayotgan yana uchta kemani tekshirishni so‘radi. Ukraina tomonining taxminicha, ruslar bu kemalarda Ukrainadagi bosib olingan hududlardan don olib ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Foto: REUTERS/Yoruk Isik

Ukrainalik prokurorlar Turkiya Adliya vazirligiga 13 iyunda yuborgan xatda Rossiyaning «Mixail Nenashev», «Matros Pozinich» va «Matros Koshka» yuk tashuvchi kemalarini tekshirish so‘ralgan. Bu kemalar Rossiya «Birlashgan kemasozlik korporatsiyasi»ga tegishli korxonada ro‘yxatdan o‘tgan.

Kemalar aprel-may oylarida Sevastopolda joylashgan Qrimdagi asosiy bug‘doy ortiladigan terminaldan yo‘lga chiqqan. Kemalarning ikkitasi shubhali tarzda joylashuvi haqida signal tarqatadigan trekerlarini o‘chirib qo‘ygan. Ukraina tomoni Anqaradan bu kemalarning Turkiyaga borgani va undagi yuklar bo‘yicha hujjatlarni talab qilgan. Kiyev bu kemalarda ruslar tomonidan bosib olingan Xersondan ortilgan don borligini taxmin qilmoqda.

Avvalroq Ukraina Turkiya tomonidan Rossiya bayrog‘i ostida suzadigan «Jibek Joli» kemasini qo‘lga olishini so‘ragandi. Kiyev bu kemada ruslar bosib olgan Zaporijjyadan bug‘doy ortilganini taxmin qilgan. Bu kema Qorasuv portida qo‘lga olingani haqida xabarlar chiqdi, ammo Rossiya Tashqi ishlar vazirligi kema shunchaki odatiy nazorat uchun, xususan, fitosanitariya nazorati uchun to‘xtatilgani, sal turib unga ketishga ruxsat berilishini ma’lum qildi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligida Ukraina Bosh prokuraturasi tomonidan yuborilgan so‘rov bo‘yicha rasmiy munosabat bildirishni istashmagan.

Urush boshlanganidan buyon Ukraina Rossiyani ko‘p marta bosib olingan hududdagi donlarni o‘g‘irlab sotishda ayblab chiqdi. Moskva barcha ayblovlarni rad etib keladi. Ukraina Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborotiga ko‘ra, Rossiya allaqachon Ukrainadagi bosib olingan yerlardan 400 ming tonna donni sotib yuborgan.

Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasiliy Bodnarning Reuters'ga ma’lum qilishicha, ruslar egallab olingan bug‘doyning asosiy qismini Turkiya portlari orqali sotmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Turkiya tomoniga kamida 13 ta rus kemasi noqonuniy tarzda ukrain donlarini olib ketayotgani borasida dalillar yuborgan.

Ukraina tomoni hisob-kitoblariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon mamlakatda 20 million tonnadan ortiq don mahsulotlari qayta ishlanmay va eksport qilinmay qolgan. Oxirgi yillarda Ukraina dunyoda don yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda bo‘layotgan, dunyo bozoridagi 10 foiz don aylanmasi aynan Ukraina hissasiga to‘g‘ri kelayotgandi.

2020 yilda Ukraina 64 million tonna don mahsulotlari ishlab chiqargani ma’lum. Shundan 26 million tonnaga yaqini bug‘doy bo‘lgan. 2022 yilda esa urush sabab Ukrainada don mahsulotlari yetishtirish hajmi keskin tushib ketgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid