Jahon | 18:25 / 14.07.2022
11791
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya, Misr va Saudiya Arabistoni BRICS guruhiga qo‘shilishi mumkinligi aytildi

Qayd etilishicha, mazkur mamlakatlar hamda iyun oxirida ariza bergan Eron va Argentinaning guruhga kirishi 2023 yilda JARda bo‘lib o‘tadigan sammitda amalga oshishi mumkin. 

Foto: Global Look Press

Turkiya, Misr va Saudiya Arabistoni BRICS guruhiga qo‘shilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb xabar berdi «Izvestiya» BRIKS xalqaro forumi prezidenti Purnima Anandga asoslanib.

«Bu mamlakatlar qo‘shilishga qiziqish bildirdi va a’zolikka ariza berishga tayyorlanmoqda. Bu yaxshi qadam deb o‘ylayman, chunki kengayish hamisha ijobiy qabul qilinadi, bu BRICSning butun dunyodagi ta’sirini kuchaytiradi», — dedi u.

Anandning so‘zlariga ko‘ra, mazkur mamlakatlar kirish «jarayonida» turibdi, shu bois ular hamda iyun oxirida ariza bergan Eron va Argentinaning guruhga kirishi 2023 yilda JARda bo‘lib o‘tadigan sammitda amalga oshishi mumkin. 

«Izvestiya» manbasining so‘zlariga ko‘ra, Pekinda bo‘lib o‘tgan sammitda BRICS a’zolari Saudiya Arabistonining a’zo bo‘lishi masalasini «jiddiy» muhokama qilgan, Turkiya va Misr mavzusi esa ko‘tarilmagan.

Hozirda BRICSga besh mamlakat - Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR a’zo. Guruh 2006 yilda tashkil topgan. BRICSning maqsadi siyosiy, iqtisodiy va millatlararo darajadagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. 

Mavzuga oid