Jahon | 10:18 / 16.07.2022
11932
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina g‘arb banklarini Rossiya bilan aloqalari uchun sudga bermoqchi

Ukraina hukumati JPMorgan va HSBC’dan Rossiya nefti bilan savdo qiluvchi kompaniyalar bilan aloqalarni to‘xtatishni talab qildi, deb yozadi Financial Times. Kiyev ularni harbiy jinoyatlarda ayblab, Ukrainaning tiklanishida ishtirok etmasligiga va’da berdi.

Foto: Kirsty Wigglesworth / AP

Ukraina hukumati kreditorlarni urush jinoyatlarida ayblab, AQSh va Yevropa banklarini Rossiya nefti bilan savdo qiluvchi kompaniyalar bilan aloqalarni uzishga chaqirdi. Bu haqda 15 iyul, juma kuni Financial Times nashri xabar berdi

Nashrning yozishicha, prezident Volodimir Zelenskiyning iqtisodiy maslahatchisi Oleg Ustenko shu hafta Amerikaning JPMorgan Chase banki rahbari Jyeymi Daymon va Britaniyaning HSBC Holdings bosh direktori Noel Kuinga xat yozib, Rossiya bilan aloqador kompaniyalarni moliyalashtirishni to‘xtatishni so‘ragan. U ularni Rossiya davlat energetika konsernlari - «Gazprom» va «Rosneft»dagi ulushlarini sotishga chaqirdi. 

AQShning Citigroup va Fransiyaning Crédit Agricole kompaniyalariga ham kelib tushgan maktublarda Ustenko banklarni Rossiya neftini yetkazib beruvchi kompaniyalarga kreditlar berib, Ukrainadagi urushni «uzaytirishda» ayblagan va tashkilotlarning Ukrainani qayta qurishda ishtirok etishiga ruxsat berilmasligi haqida ogohlantirgan. 

Zelenskiyning maslahatchisi FT’ga bergan intervyusida Adliya vazirligi urush tugagandan so‘ng banklarga qarshi Xalqaro jinoiy sudga (XJS) da’vo arizasi bilan chiqish niyatida ekanligini aytdi. Unga ko‘ra, Ukraina xavfsizlik xizmatlari Rossiya neft va gaz sanoatini moliya institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani haqida ma’lumot yig‘moqda. 

«Mening fikrimcha, ular (banklar) urush jinoyatlarini sodir etishmoqda, chunki ular bu yo‘l bilan Putin rejimiga yordam beryapti va bu rejimni qo‘llab-quvvatlayapti», - dedi Ustenko. Unga ko‘ra, Rossiyaning neft va gaz daromadlari qurol-yarog‘ sotib olishga sarflanib, Ukrainaga qarshi urushda foydalanilmoqda. Ukrainaga qarshi. FT ta’kidlashicha, XJS hukumatlar yoki korporatsiyalarga nisbatan surishtiruv o‘tkaza olmaydi, lekin u yerda ishlaydigan jismoniy shaxslarni sudga tortishi mumkin. 

JPMorgan gazeta so‘roviga javoban, g‘arb sanksiyalarini qo‘llashda faol rol o‘ynaganini bildirdi. Citigroup va Credit Agricole Rossiyada faoliyatni qisqartirish haqidagi bayonotlarini takrorladi, HSBC izoh berishdan bosh tortdi. 

Mavzuga oid