Jahon | 11:18 / 21.07.2022
6952
2 daqiqa o‘qiladi

«Gazprom» «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berishni tikladi

Profilaktik ta’mirlash ishlaridan so‘ng «Shimoliy oqim» gaz quvuri orqali kuniga 67 million kubometr gaz yetkazib beriladi. Bu ta’mirlash boshlanishidan oldin yetkazib berish hajmiga to‘g‘ri keladi, lekin loyiha quvvatining atigi 40 foizini tashkil etadi.

Foto: Picture Alliance

G‘arbning xavotiriga qaramay, «Gazprom» «Shimoliy oqim» gaz quvurida profilaktika ishlari yakunlanganidan so‘ng 21 iyul, payshanba kuni Germaniyaga gaz yetkazib berishni tikladi. Birinchi kuni gaz quvuri quvvatining 30 foizi uchun joy ajratilgan, dedi Federal tarmoq agentligi (Bundesnetzagentur, BNetzA) rahbari Klaus Myuller.

Nord Stream AG vakilining so‘zlariga ko‘ra, quvur orqali kuniga 67 million kubometr gaz yetkazib beriladi. Bu ta’mirlash ishlari boshlanishidan oldingi yetkazib berish hajmiga to‘g‘ri keladi, ammo bu quvur maksimal yuklamasining atigi 40 foizini tashkil qiladi. Rossiya tomoni iyun oyida yetkazib berishning 60 foizga qisqarishini Kanadada ta’mirlanayotgan, «Portovaya» kompressor stansiyasi uchun mo‘ljallangan Siemens turbinasi qaytarilmagani bilan izohladi. 

Kanada hukumati dastlab Rossiyaga qarshi sanksiyalar tufayli turbinani qaytarishdan bosh tortgandi. Biroq nemis tomoni bilan muzokaralardan so‘ng, Kiyevning noroziligiga qaramay, 17 iyul kuni turbina Germaniyaga jo‘natildi. Uni yetkazib berish va sozlash uchun yana 9-12 kun kerak bo‘ladi. «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berish bundan keyin to‘liq tiklanadimi yoki yo‘qmi, noma’lum. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin kuni kecha taxminan 26 iyul kuni «Gazprom» uskuna quvvati bilan bog‘liq holda yana bir turbinani ta’mirlash uchun to‘xtatishi kerakligini aytgan edi. U gaz yetkazib berish hajmini oshirish uchun «Shimoliy oqim - 2» quvurini ishga tushirishga tayyorligini bildirdi. Biroq, Germaniya rasmiylari bir necha bor ta’kidlaganidek, bu masala ko‘rib chiqilmaydi, chunki yangi gaz quvurida sertifikat yo‘q. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid