Idora ma’lumoticha, telekommunikatsiya tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga bog‘liq ayrim uzilishlar bo‘lishi mumkin, ammo bu umuman qo‘ng‘iroq qilishni imkonsiz etmaydi.
Ukraina Oliy radasi inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets 20 yanvar kuni Telegram’da, gumonlanuvchining rafiqasiga tayanib, Sergey K. 2025 yil noyabridan buyon sud rasman ruxsat berganiga qaramay, birorta ham telefon qo‘ng‘irog‘i qilmaganini yozgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muassasa ma’muriyati bu imkoniyatni hanuz “texnik jihatdan” tashkil etmagan.
BJV esa DW bilan suhbatda Sergey K.ning aniq saqlash sharoitlari haqida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sababli izoh bermadi.
Ombudsman 20 yanvar kuni Sergey K.ga topshirilgan qishki poyabzal omborda saqlanayotgani, ammo unga berilmayotganini ham bildirgan. Hamburg idorasi esa tergov izolyatoridagilar so‘rovga ko‘ra muassasada botinka olish imkoniga ega ekanini aytdi. Ayrim turdagi poyabzallar — jumladan, etiklar xavfsizlik nuqtai nazaridan ruxsat etilmasligi mumkin, chunki ular oyoqqa elektron brasletni taqishni qiyinlashtiradi.
Dmitriy Lubinetsning ma’lum qilishicha, Sergey K. “alohida xavfli shaxslar” uchun ajratilgan sektorda, amalda 23 soat yakka kamerada saqlanmoqda.
BJV izohiga ko‘ra, ayrim hollarda tergov izolyatoridagilarga faqat cheklangan muloqotga ruxsat berilishi, hatto to‘liq muloqot taqiqlanishi ham mumkin. Bunday cheklovlar odatda sud talabi bilan qo‘llanadi. Shu bilan birga, mahalliy qonun har oy kamida ikki soatlik tashrif huquqini kafolatlaydi. Odatda bu har ikki haftada bir soatdan beriladi, agar mehmon uzoqdan kelsa, bir martada ikki soatga ham ruxsat etilishi mumkin.
Yanvarda ombudsman Sergey K.ning oziq-ovqat masalasi, uning ehtiyojlarini hisobga olgan holda, haligacha to‘liq hal etilmaganini bildirgan.
BJV esa tergov izolyatoridagilar “muvozanatli ovqatlanish” imkoniga ega ekanini, standart ratsionga baliq va go‘shsiz taomlar ham kirishini aytdi. Agar mahbus vegan ovqatlanishni tanlasa, bu alohida turdagi ratsion hisoblanadi va ayrim hollarda uning bir qismi muassasa hududidagi do‘kondan xarid qilish orqali shaxsiy mablag‘ hisobiga qoplanishi mumkin.
Ishga oid ma’lumotlarga ega bo‘lgan ukrainalik advokat Ilya Novikov Facebook’da Sergey K. vegan ekanini yozgan. Uning aytishicha, Italiyadagi ekstraditsiya jarayonida Germaniya nomidan Italiya prokuraturasi sudga uning diyetik ehtiyojlari inobatga olinishini va’da qilgan. Amalda esa unga kuniga bir marta vegetarian tushlik beriladi, nonushta va kechki ovqat oddiy — istasa yeydi, istamasa yo‘q.















