Jahon | 08:12 / 21.07.2022
9349
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya: Urush «geografiyasini» kengaytirish - Moskvaning yangi propagandasi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok DW nashriga bergan intervyusida Rossiyaning harbiy harakatlari avval ham Donbass bilan cheklanmaganini eslatdi.

Foto: Getty Images

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok 20 iyul, chorshanba kuni DW nashriga bergan intervyusida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Ukrainadagi urushning geografik kengayishi haqidagi bayonotini «Rossiya tomonining shunchaki yangi propagandasi», deb atadi. «Rossiya har safar yangi argumentlardan foydalanadi. Endi ular bu harbiy yordam bilan bog‘liq deb da’vo qilmoqda. Lekin avvalroq Kiyev va Ukrainaning boshqa qismlariga hujum qilishgan», - deya esladi Berbok. 

Uning ta’kidlashicha, G‘arb nafaqat Ukrainani qo‘llab-quvvatlab, bu mamlakat bilan birdamligini bildiryapti, balki unga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etyapti. Bu NATOga a’zo barcha davlatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari, dedi Annalena Berbok. Germaniya tashqi ishlar vaziri Germaniya va Niderlandiya shu yoz oxirigacha Ukrainaga Panzerhaubitze 2000 o‘ziyurar gaubitsasi va boshqa qurollar, shuningdek, raketaga qarshi mudofaa tizimlarini yetkazib berishiga umid bildirdi. 

Annalena Berbok Germaniya hukumati tomonidan Xitoyga nisbatan ishlab chiqilgan strategiya haqida gapirar ekan, Berlin hozirda «tizimli raqib» sifatida ko‘rayotgan mamlakatga qaramligini «juda ehtiyotkorlik bilan» o‘rganayotganini ta’kidladi. 

«Bu tizimli raqib bo‘lgani uchun biz Rossiyaga qaramligimiz misolida bo‘lgani kabi hech kim shantaj qila olmasligini aniq aytishimiz kerak. Bu bizning Xitoyga nisbatan yangi strategiyamizning asosi: birga ishlashimiz mumkin bo‘lgan joyda birga ishlash, lekin muhim infratuzilma sohasida mustaqillik bo‘yicha suveren Yevropa strategiyasiga ega bo‘lish, avvalambor, bizning tashqi siyosatimizga muvofiq», — dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri. 

Avvalroq Sergey Lavrov Ukrainadagi urush «geografiyasi» kengaytirilganini ma’lum qilgandi. «Hozir geografiya boshqacha. Endi bu Xerson oblasti, Zaporojye oblasti va boshqa bir qator hududlar, bu jarayon davom etmoqda», - dedi Lavrov. Shu bilan birga, u G‘arb Kiyevni uzoq masofaga uchuvchi qurollar bilan ta’minlasa, Ukrainadagi urushning «geografik maqsadlari» kengayib borishi bilan tahdid qilgan. 

Iyun oyi oxirida Germaniya hukumati Ukrainaga yetkazib berilgan qurollar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mart oyining oxiridan boshlab Germaniya Kiyevga asosan minalar, portlovchi qurilmalar va qo‘l granatalarini topshirgan. Iyun oyida Ukraina Germaniyadan yettita tankka qarshi gaubitsa olgan, ular dastlab may oyi boshida yetkazib berilishi va’da qilingan edi. 

Birinchi 15 ta Gepard o‘ziyurar zenit qurollari Kiyevga aprel oyi boshida va’da qilingandi, u iyul oyining oxirida, qolganlari - avgust oyining oxirida kelishi kerak. Iyun oyi boshida Germaniya Ukrainaga to‘rtta Mars II yalpi o‘t ochish reaktiv tizimini (YaO‘RT) yetkazib berishga tayyorligi ham xabar qilingan edi. Keyinchalik Germaniya Mudofaa vazirligi faqat uchta bunday tizimni taqdim etishi mumkinligini bildirdi. 

Mavzuga oid