18:58 / 22.07.2022
7906

SEG: Farg‘ona NQZ iyunda benzin ishlab chiqarishni kamaytirgani zavod modernizatsiyasi bilan bog‘liq

Kompaniya, shuningdek, ishlab chiqarilgan mahsulot 100 foiz birjaga chiqarilayotganini ma’lum qildi.

FNQZ $100 mln va investitsion majburiyatlar evaziga sotilgan / Foto: Davaktiv

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi iyun oyida ishlab chiqarishni kamaytirgani ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq edi, deya ma’lum qildi zavodga egalik qiluvchi “Sanoat energetika guruhi” MChJ.

Kun.uz 22 iyul kuni e’lon qilgan materialda, benzin narxi oshayotgani import kamaygani bilan birga, o‘tgan oyda FNQZ ishlab chiqarishni susaytirgani fonida ham ro‘y berayotgani haqida yozgandi.

“Sanoat energetika guruhi”dan ma’lum qilishlaricha, narxlar oshishida zavoddagi ta’mirlash ishlarining ahamiyati katta emas.

“Farg‘ona NQZda joriy yilning yanvar-iyun oylarida jami 95,4 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shundan iyun oyida mahsulot hajmi 9,9 ming tonnani tashkil etdi.

Ishlab chiqarishning pasayishi korxonaning xususiylashtirilishi bilan bog‘liq emas, balki L35/11-300 (benzin ishlab chiqarish) qurilmasining 1-15 iyun kunlari ta’mirlashda bo‘lgani tufayli sodir bo‘lgan. Afsuski, zavod so‘nggi 30 yil davomida modernizatsiya qilinmadi, xavfsizlik omili tufayli bunday qurilmalarning ishini to‘xtatish va ta’mirlash ishlarini keyinga qoldirib bo‘lmaydi, ularni e’tiborsiz qoldirishga kompaniyamiz haqli emas.

SEG korxonaning yangi egasi sifatida modernizatsiya qilish uchun 400 mln dollar atrofidagi mablag‘ni jalb etishni rejalashtirgan. Yangilanish korxonaning ish rejimini to‘xtatmagan sharoitda amalga oshirilmoqda, ammo turli qurilmalarning ishini orada vaqtincha to‘xtatib turishga to‘g‘ri keladi. Zavod avvalgi egalari davrida bunday ta’mirlash ishlari olib borilmagan va ularga katta sarmoya ham kiritilmagan.

L35/11-300 agregatining standart ishlab chiqarish quvvati oyiga 20,0-26,0 ming tonnani tashkil etadi. Shu tariqa, O‘zbekistonda umumiy ishlab chiqariladigan avtomobil benzini hajmining chorak qismidan sal ko‘prog‘i (26%) FNQZ hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bugungi kunda jahondagi geosiyosiy vaziyat va resurslar taqsimoti sxemasidagi o‘zgarishlar, shuningdek, uglevodorod xomashyosi hamda neft mahsulotlari narxlarining keskin o‘sishi tufayli tijorat tuzilmalari tomonidan benzin va dizel yoqilg‘isi importi keskin kamaydi.

Shunday qilib, yuqorida aytib o‘tilgan bozorning chorak qismi so‘nggi oylarda oltidan bir qismga aylandi, ya’ni hozirda ushbu hajm umumiy bozorning 18 foizidan oshmaydi.

Iyun oyida qurilma ta’mirda bo‘lganini hisobga oladigan bo‘lsak, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan umumiy benzin bozorida tashkilotning ulushi 10 foizigacha kamayganini ko‘rish mumkin.

Bunday ma’lumotlar shuni anglatadiki, FNQZ ishi, albatta, benzin narxiga ta’sir ko‘rsatadi, lekin faqat korxona tomonidan ishlab chiqariladigan o‘sha ulush doirasida. Ushbu ulushni ortiqcha baholashga urinishga hojat yo‘q”, – deyiladi kompaniya tomonidan Kun.uz'ga taqdim etilgan axborotda.

22 iyuldagi materialda, shuningdek, Tovar-xomashyo birjasi taqdim etgan ma’lumotga asosan Farg‘ona NQZ iyun oyida 1739 tonna AI-80 benzinini birjaga chiqargani, bu zavod iyun oyida ishlab chiqargan benzinning bor-yo‘g‘i 11 foizi ekani, qonunchilikka ko‘ra esa neftni qayta ishlash zavodlari AI-80 markali benzinni ichki bozorga faqat birja orqali sotishi mumkinligi ta’kidlangan edi.

“Sanoat energetika guruhi”ning izohlashicha, ishlab chiqarilgan benzinning 100 foizi birjaga chiqariladi: gap shundaki, mahsulot birjaga FNQZ bilan birga, SEG tomonidan ham qo‘yib kelinadi.

“Bugungi kunda FNQZ SEGning bir qismidir. Demakki, FNQZda ishlab chiqarilgan benzin nafaqat “FNQZ” MChJ, balki “Sanoat energetika guruhi” MChJ yuridik shaxsi orqali ham savdolarga qo‘yilishi mumkin. Iyun oyida FNQZ tomonidan ishlab chiqarilgan hajmning 100 foizi yuridik shaxs kim bo‘lishidan qat’i nazar yuqorida nomi tilga olingan ikki kompaniya tomonidan birja savdolariga chiqarilgan”, – deyiladi izohda.

Kun.uz'ning FNQZni modernizatsiya qilish ishlari qachon yakunlanishi haqidagi savolini “Sanoat energetika guruhi” vakili ochiq qoldirdi. Zavod xususiylashtirilgani haqida Davlat aktivlari agentligi bergan axborotda ham xususiylashtirish shartlari qatorida muddatlar ochiqlanmagan.

Mavzuga oid
Top