O‘zbekiston | 20:36 / 25.07.2022
3602
3 daqiqa o‘qiladi

Norov va Muttaqiy Toshkentda maslahatlashuvlar o‘tkazdi

Uchrashuvda tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy «Afg‘oniston Islom Amirligi» o‘z majburiyatlariga qat’iy rioya qilishini va hech bir guruh yoki shaxsning Afg‘oniston hududidan uchinchi davlatga qarshi foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Shuningdek, u bir muddat avval Afg‘oniston va O‘zbekiston chegarasini buzishga uringan «barcha unsurlar»ga chek qo‘yilganini bildirdi.

Foto: ariananews.af

Ariana News xabariga ko‘ra, 25 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov va Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Toshkentda maslahatlashuvlar o‘tkazdi. 

Nashrning yozishicha, Muttaqiy Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilgani uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirib, o‘tmishda bu kabi anjumanlar o‘t ochishni to‘xtatish va urushning tugashi munosabati bilan o‘tkazilgan bo‘lsa, bu safar asosiy e’tibor Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga qaratilayotganini qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, Muttaqiy Afg‘onistonda xavfsizlik yaxshi sarmoyaviy imkoniyatlar yaratganini va bir muddat avval Afg‘oniston va O‘zbekiston chegarasini buzishga uringan «barcha unsurlar» to‘xtatilganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, «Afg‘oniston Islom Amirligi» o‘z majburiyatlariga qat’iy sodiqdir va hech qaysi guruh yoki shaxsga Afg‘oniston hududidan uchinchi davlatga qarshi foydalanishiga yo‘l qo‘ymaydi. 

O‘z navbatida, Norov Afg‘onistonda xavfsizlikni mustahkamlash, Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘yicha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish sohasidagi so‘nggi o‘zgarishlarni olqishlab, O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. Jumladan, Termiz - Mozori-Sharif - Kobul - Peshovar temiryo‘l liniyasida ishlar olib borilmoqda. Norovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha amalga oshirilishi bilan Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo bir-biri bilan bog‘lanadi va Afg‘oniston iqtisodiyoti o‘sadi. 

Muttaqiy Afg‘onistonning temiryo‘l loyihasiga tayyorgarligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Pokiston bilan muzokaralarda yaxshi yutuqlarga erishildi, endi amaliy ishlar boshlanadi. 

Mavzuga oid