Jahon | 14:57 / 26.07.2022
8894
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya VPN yuklab olish bo‘yicha yetakchilar qatoriga kirdi

AppMagic statistik ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyining uch haftasida Rossiyada VPN-servislar 12 million martadan ko‘proq yuklab olingan.

Foto: Pixabay

Mart-iyul oylarida Rossiya VPN-servislarni yuklab olish soni bo‘yicha dunyoda Hindistondan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda mobil ilovalar bozorini tahlil qiluvchi AppMagic servisi statistikasida aytilgan. Ma’lumotlar 26 iyul, seshanba kuni RBK agentligi tomonidan keltirildi. Iyul oyining uch haftasida Rossiyada VPN-servislar 12 million martadan ortiq yuklab olingan.

Foydalanuvchilar manfaatlarini baholovchi Google Trends servisi ma’lumotlariga ko‘ra, internetning rus segmentida VPN so‘zi bilan so‘rovlar ommabopligi cho‘qqisi 13-19 mart kunlariga to‘g‘ri kelgan. Keyinchalik, 29 maydan 4 iyungacha va 17 iyuldan 23 iyulgacha qidiruv faolligining o‘sishi qayd etildi. Murojaatlarning aksariyati Moskva va Moskva oblasti, Sankt-Peterburg, Kaliningrad va Yaroslav oblastlaridan kelgan.

Pokiston, Indoneziya va AQSh VPN-servislarni yuklab olish bo‘yicha kuchli beshlikka kirdi. 

Avvalroq, 3 iyul kuni AFP AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Ochiq texnologiyalar jamg‘armasi (OTF) rossiyaliklarga bepul VPN dasturlarini taqdim etuvchi AQSh kompaniyalariga pul to‘lashi haqida xabar bergan edi. OTF hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada bir necha million kishi Lantern, Psiphon va nthLink kompaniyalar VPN’laridan foydalanadi.

Rossiyada saytlarni bloklashni chetlab o‘tish uchun texnologiyalardan foydalanish Moskvaning Kiyevga qarshi keng ko‘lamli harbiy agressiyasi boshlanganidan beri keskin oshdi. 

Roskomnadzor VPN servislarini bloklash qilish ustida ish olib borayotganini tasdiqladi. «Aloqa to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, «noqonuniy kontentni bloklashni chetlab o‘tish vositalari tahdid sifatida e’tirof etiladi», - deya ta’kidladi nazorat organi. 

Mart oyida davlat dumasining axborot siyosati, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari qo‘mitasi raisi Aleksandr Xinshteyn mart oyi o‘rtalariga qadar RFda 20 ga yaqin mashhur VPN servislari bloklanganini xabar qilgandi. 

Mavzuga oid