12:24 / 30.07.2022
6323

AQSh Kongressi yarim avtomat qurollarni taqiqlash uchun ovoz berdi

AQSh Kongressining vakillar palatasi 200 dan ortiq turdagi yarim avtomat miltiqlarni, shu jumladan AR-15’ni taqiqlashni ma’qulladi. Ekspertlar qonun loyihasi Senatdan o‘tmasligini taxmin qilmoqda.

Foto: NRA

AQSh Kongressining vakillar palatasi yarim avtomat qurollarning ayrim turlarini taqiqlashni qo‘llab-quvvatladi. 29 iyul, juma kuni Demokratik partiya nazoratidagi quyi palatada ovozlar partiya yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlandi. 217 deputat buni qo‘llab-quvvatladi, 213 deputat qarshi chiqdi. Mutaxassislarning taxminicha, qonun loyihasi demokratlar 50 o‘ringa ega bo‘lgan Senatdan o‘tmaydi va yana kamida 10 nafar respublikachining ma’qullashi talab etiladi.

So‘nggi paytlarda ommaviy otishmalar ro‘y berganiga qaramay, qurol islohoti AQShda chuqur ziddiyatli masala bo‘lib qolmoqda. Vakillar palatasida faqat ikkita respublikachi demokratlarga qo‘shilib, taqiqni qo‘llab-quvvatladi.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi qonun loyihasini «mamlakatda qurolli zo‘ravonlikning falokatli epidemiyasiga qarshi kurashdagi asosiy qadam» deb atadi.

Prezident Jo Bayden ovoz berish natijasini olqishlab, «amerikaliklarning ko‘pchiligi bu sog‘lom fikrga qo‘shiladi», deb ta’kidladi. Bayden 1994 yilda senator bo‘lganida yarim avtomat qurollarga nisbatan amalda bo‘lgan taqiqni ta’minlashda muhim rol o‘ynagan. 

Yarim avtomat va boshqa hujum qurollarini taqiqlash AQShda 1994 yilda 10 yil muddatga qabul qilingan va bu muddat tugaganidan keyin uzaytirilmagan, bu esa qurol sotuvining keskin o‘sishiga olib kelgan. 

Hozir vakillar palatasi tomonidan ma’qullangan qonun loyihasida sanab o‘tilgan qurollar orasida 200 dan ortiq turdagi yarim avtomat miltiqlar, jumladan AR-15 va to‘pponchalar ham bor. Hujjat ularni sotish, olib kirish, ishlab chiqarish yoki boshqalarga berishni noqonuniy ishga aylantiradi. 

«Biz xavfsizlik qoidalari doirasida o‘qotar qurollardan, shu jumladan AR-15’dan foydalanadigan, egalik qiladigan va olib yuradigan qonunga bo‘ysunuvchi barcha qurol egalarining huquqlarini himoya qilishda davom etamiz», dedi Jyeyms Komer (Kentukki shtatidan respublikachi).

Respublikachilar partiyasida ko‘pchilik ovoz berishni 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar oldidan populistik harakat deb ko‘rmoqda. 

Bayden 25 iyun kuni o‘qotar qurollar muomalasi ustidan nazoratni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjatda 21 yoshga to‘lmagan shaxslarni qurol sotishdan oldin yanada qattiqroq tekshiruvdan o‘tkazish, shuningdek, fuqarolar ruhiy salomatligini saqlash xizmatlarini moliyalashtirish va ta’lim muassasalari xavfsizligini ta’minlash uchun 15 milliard dollar ajratish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, qonun uydagi zo‘ravonlik uchun sudlangan shaxslarga besh yil davomida o‘qotar qurol sotib olishni taqiqladi va shtatlarga inqirozga aralashuv dasturlari uchun 750 million dollar grant ajratdi. 

Qonun mamlakatda o‘qotar qurollardan foydalangan holda ommaviy qotilliklar soni ortishi fonida qabul qilingan. Xususan, 24 may kuni Texasning Yuvalde shahridagi boshlang‘ich maktabda otishma natijasida 19 nafar bola va uch nafar kattalar, jumladan qotil halok bo‘ldi. 

Bundan sal avvalroq, 15 may kuni 18 yoshli oq tanli yigit Nyu-Yorkning Baffalo shahridagi supermarketda 10 nafar qora tanli odamni otib o‘ldirgan edi. 

4 iyul kuni Chikago chekkasidagi Haylend-parkda AQSh Mustaqillik kuni paradida sodir bo‘lgan otishmada kamida olti kishi halok bo‘ldi. Yana 40 dan ortiq kishi jarohatlangan. 

11 iyun kuni Vashingtonda va AQShning 300 ta boshqa shaharlarida qurol-yarog‘larning erkin sotilishini cheklash tarafdorlari mitingi bo‘lib o‘tdi. 

Top