O‘zbekiston | 22:06 / 01.08.2022
12788
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qurilishi yakunlanmagan uydan foydalanishga ruxsat berildi

Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi (GASN) Narpay tumanidagi bitmagan uyni qabul qilgan. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga ko‘ra, bunday hollar aholida ortiqcha ovoragarchiliklarni tug‘dirmoqda.

Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan Samarqand viloyati Narpay tumanidagi yangi qurilgan ko‘p kvartirali uyning qurilishi yakunlanmagani sababli foydalanishga qabul qilish rad etilgan. Biroq Samarqand viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan ushbu uyga aholi foydalanishi uchun ijobiy xulosa berilgan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Qonunchilikka ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga qabul qilish jarayonida talablarga javob bermagan obektlar (loyiha hujjatlariga muvofiqligi) yuzasidan Uy-joy fondi inspeksiyasining salbiy xulosasi inobatga olinishi kerak.

Biroq Samarqand viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan yangi uy qonunga zid tarzda foydalanishga qabul qilingani ma’lum bo‘ldi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, uy-joy fondi inspeksiyasi mazkur ko‘p qavatli uyni quyidagi sabablarga ko‘ra foydalanishga qabul qilishni rad etgan bo‘lgan:

  • obektning qurilish ishlari yakunlanmagani (fasad qismi pardozlanmagani);
  • obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmagani;
  • loyihada ko‘zda tutilgan bolalar maydonchasi mavjud emasligi va boshqa kamchiliklar.

"Bitmagan uyga ko‘chib kirgan aholi bu yerdagi muammolarni bartaraf etish uchun eshikma-eshik kirib chiqib charchashi tabiiy. U vaqtda esa quruvchi ham, quruvchiga “krisha” bo‘lgan inspektor (GASN) ham mazza qilib yurgan bo‘ladi. Jabrini bitmagan uy olgan oddiy aholi tortadi", – deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, oxirgi uch oyda Uy-joy fondi inspeksiyasi pudrat tashkilotlari tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan 165 ta uydan:

  • 80 tasiga ijobiy xulosa bergan;
  • 13 tasi o‘rganish jarayonida;
  • 72 tasi to‘liqligicha bitkazilmasdan foydalanishga topshirish uchun ariza yo‘llangani sababli rad etilgan. 

Mavzuga oid